FAO Oʻzbekistonda GEF loyihalarini amalga oshirishga katta hissa qoʻshmoqda

20:40 16 Fevral 2024 Iqtisodiyot
390 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Global Ekologik Jamgʻarma (GEF)ning Oʻzbekistonda tabiiy resurslarni kompleks va barqaror boshqarish, ekologik toza ishlab chiqarishni targʻib qilish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan loyihalarini amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston 1994-yildan buyon GEFning milliy, mintaqaviy va jahon miqyosidagi 50 dan ortiq loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etdi. “Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi doirasida GEF rahbari Karlos Rodrigesning Oʻzbekistonga tashrifi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam boʻldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning GEF rahbari Karlos Rodriges bilan uchrashuvida Oʻzbekistonda Jamgʻarma loyihalarini amalga oshirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yil fevral oyining boshida Vashingtonda boʻlib oʻtgan GEF Kengashining 66-yigʻilishi doirasida “Ekotizimni tiklash, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash va barqarorlikni oshirish uchun Markaziy Osiyo suv va yer resurslarining oʻzaro bogʻliqligi” (CAWLN) Mintaqaviy dasturining 5 ta loyihasiga 26 million dollar ajratildi. Taʼkidlash joizki, beshta loyihadan umumiy qiymati 18,6 million dollar boʻlgan toʻrtta loyiha Oʻzbekiston ishtirokida FAO koʻmagi bilan amalga oshiriladi.

— Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi iqlim oʻzgarishi va bioxilma-xillikni muhofaza qilish sharoitida Oʻzbekistonning rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi, — dedi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov. — Biz qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining barqarorligini taʼminlash va iqlim oʻzgarishining qishloq-oziq-ovqat tizimlariga salbiy taʼsirini yumshatish uchun innovatsiyalarni targʻib qilamiz. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishamiz.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar Markaziy Osiyoning zaif ekotizimlarida yerlarni tiklash, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolari havzalarida suv resurslarini kompleks boshqarishni kuchaytirish, ekotizimlar va bioxilma-xillikni saqlashni yaxshilash uchun tabiiy resurslarni kompleks boshqarishga qaratilgan. Bugungi kunda FAO GEFning moliyaviy koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish”, “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish”, “Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish”, “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va uni qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер