FAO koʻmagida ishlab chiqilgan qonun amalda

15:54 06 Aprel 2022 Iqtisodiyot
1485 0

Foto: Халқ сўзи

USAIDning agrobiznesni rivojlantirish va Hilfswerk International tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyo – Invest V” dasturi hamda Avstriya taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Markaziy Osiyoda agrobiznes va savdoni rivojlantirishda kichik va oʻrta hajmdagi agrobiznes korxonalarning raqobatbardoshligi va salohiyatini oshirish uchun mintaqaviy integratsiya – CANDY V” loyihalari hamkorlikda FAOning «Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik koʻrsatkichlar orqali mustahkamlash” loyihasi ishtirokida Xorazm viloyatining Urganch shahrida Oʻzbekistonning gʻarbiy mintaqalari uchun alohida eʼtiborga molik qishloq xoʻjaligi mahsuloti – noyob qovun navlari uchun geografik koʻrsatkich belgisini berish masalasini muhokama qilishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonning Xorazm viloyati qadimdan qovun yetishtirish hududi sifatida mashhur hisoblanadi – bu yerda qovunning 125 ga yaqin navlari yetishtiriladi. Bunda “Gurvak” navi muhim oʻrin tutadi, bu nav, ayniqsa, noziktaʼb isteʼmolchilar tomonidan qadrlanadi va hatto, bu qovun sharafiga mintaqada shu nomdagi festival oʻtkaziladi. “Gurvak” gilli-qumli va biroz shoʻrlangan tuproqda va faqat Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻistonda oʻsadi. Bu qovun toʻq yashil rangda va yumaloq shaklda, yupqa poʻstga ega. “Gurvak” qovuniga xos boʻlgan beqiyos taʼm uni ushbu hududlarning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylantirgan.

“Ikki oshpaz bir xil taomni tayyorlaydi, lekin ulardan biri uni yanada mazali qiladi va bunga koʻp omillar taʼsir qiladi, masalan, tuz solish vaqti, masalliqlarni qanday nisbatda taqsimlagani va hokazo. Bizda ham xuddi shunday – bu kabi shirin va mazali qovun navlarini boshqa hech qayerda uchratmaysiz va buning asosiy sababi yerga ota-bobolarimiz oʻrgatgan usul boʻyicha yerga ishlov berib, qovun yetishtirganimiz hisoblanadi. Bundan tashqari, Amudaryo deltasidagi tuproqning oʻziga xos tarkibi taʼsir qiladi va bu yerda hatto suv ham boshqacha”, - deb taʼkidlaydi davra suhbati ishtirokchisi, fermer Xudoybergan Allaberganov.

“Gurvak” qovuni geografik kelib chiqishi tufayli mahsulot sifati va oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlishning yorqin namunasidir. Dunyoga mashhur Provans zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qogʻozi, Bordo, Luara va Burgundiya vinolari bunga yorqin misol boʻla oladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi yangi qonuniga koʻra, kelib chiqish joyi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan anʼanaviy mahsulotlar Oʻzbekistonda “geografik koʻrsatkich” maqomiga va intellektual mulk obyekti sifatida huquqiy himoyaga ega boʻlishi mumkin. Qonun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) koʻmagida “Maʼmuriy tizimni mustahkamlash orqali barqaror geografik koʻrsatkichlarni boshqarish va qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

“FAO mamlakatda geografik koʻrsatkichlarni targʻib qilishga qaratilgan ikkita loyiha doirasida Oʻzbekistonda yordam koʻrsatadi. Birinchisi loyiha doirasida biz Oʻzbekiston Respublikasining «Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonunini ishlab chiqishda koʻmak berdik. Bu loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi. “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik koʻrsatkichlar orqali mustahkamlash” mavzusidagi ikkinchi loyiha esa alohida mahsulotlar uchun amalda boʻlgan geografik koʻrsatkichlarni keng tatbiq etishga qaratilgan. Shu bilan birga, loyiha doirasida samarali marketing strategiyasi ishlab chiqilmoqda hamda qishloq xoʻjaligi bozorini axborot bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Bularning barchasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi», - deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov.

“Gurvak” qovuni yangi qonun asosida geografik koʻrsatkichlari roʻyxatdan oʻtkaziladigan birinchi mahsulotga aylanishi mumkin. Davra suhbati ishtirokchilari mashhur Xorazm qovunlariga yangi maqom berish eksportni koʻpaytirish, agroturizmni rivojlantirish, shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendini targʻib qilishga yordam berishini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?