FAO eksperti Fargʻonada issiqxona xoʻjaligi boʻyicha trening oʻtkazdi

18:49 17 Iyun 2023 Dunyo
513 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Fargʻonada xalqaro ekspert Luchano Rovesti ishtirokida issiqxonalarni boshqarish boʻyicha trening oʻtkazildi.

Unda issiqxona ishlarini samarali olib borishda muhim omil boʻlgan issiqxonalarda oʻsimlik zararkunanda va kasalliklariga qarshi kompleks kurashish masalalari koʻrib chiqildi. Trening FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda Fargʻona viloyatidagi Qishloq xoʻjaligida bilim va xizmatlar AKIS markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Fargʻona Davlat universiteti va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi vakillari ishtirok etdi.

Agrokimyoviy moddalardan foydalanish boʻyicha mutaxassis hisoblangan Luchano Rovesti trening ishtirokchilariga zararkunandalarga qarshi kurashishning ilgʻor xorijiy tajribalarga asoslangan samarali usullari haqida gapirib berdi. Taʼkidlanganidek, zararkunandalarga qarshi kompleks kurashish oʻsimliklar, hasharotlar, mikroorganizmlar va ozuqa moddalari oʻrtasidagi rivojlanish sikllari va muvozanatni tushunishga asoslangan ekinlarni himoya qilish usulini anglatadi. Barqaror ishlab chiqarish ekinlarning kasallik va zararkunandalarga chidamli boʻlishini talab qiladi va bunda atrof-muhit oʻz-oʻzidan tiklanishi imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Bu ishlatiladigan sunʼiy oʻgʻitlar miqdorini, pestitsidlarga qaramlikni kamaytirish va hosildorlikni oshirishning yagona yoʻli hisoblanadi. Issiqxonalardagi bunday innovatsiyalar isteʼmolchilar oxir-oqibatda kimyoviy moddalardan xoli, sogʻlom oziq-ovqat olishlari uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

“Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida treninglar muntazam tashkil etilmoqda. FAOning ushbu global loyihasi 2021-yilda Koreya Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligining moliyaviy koʻmagida boshlangan va Oʻzbekiston hamda Vetnamda amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Loyiha issiqxonalarda ekinlarni yetishtirishning yangi usullarini joriy etadi, bu hosildorlikka va shunga mos ravishda daromadga taʼsir qiladi.

Jumladan, loyihada issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi. Qalinligi 180-200 mikron boʻlgan oʻta pishiq poliyetilen plyonkalarga ultrabinafsha nurlanishini yutadi va, eng muhimi, maxsus qoʻshimchalar qoʻshilganligi sababli issiqxonaning ichki yuzasida tomchilar shaklida kondensatsiya hosil boʻlishining oldini oladi. Issiqxonani sovitish uchun uning yuzasiga anʼanaviy loy sepish oʻrniga soya beradigan toʻrlar ishlatiladi. Shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun ushbu hududlarda ilgari ishlatilmagan tutqich va chivin oʻtkazmaydigan toʻrlardan foydalanilmoqda. Ular issiqxonada havo aylanishini ham yaxshilaydi. Bundan tashqari, virus hamda bakteriyalarga qarshi dezinfeksiyalovchi pol qoplamalari va qoʻsh eshikli tizim oʻrnatilib, issiqxona atrofidagi yerlar begona oʻtlardan tozalanmoqda.

Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarni joriy etishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Shunday qilib, loyiha doirasida Fargʻona va Andijon viloyatlaridagi ikkita xonadonda sensorlar va qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun dasturiy taʼminot sinovdan oʻtkazildi. Issiqxonalarga oʻrnatilgan qurilmalar tuproq namligi, quyosh radiatsiyasi darajasi, namlik va havo harorati uchun sensorlar bilan jihozlangan. Olingan maʼlumotlarni fermerlarning mobil qurilmalarida oʻrnatilgan dasturiy taʼminot yordamida koʻrish mumkin boʻladi, bu fermerlarga oʻz vaqtida sugʻorish va issiqxonalarda mikroiqlimni masofadan nazorat qilish imkonini beradi.

Bu va boshqa usullar issiqxona xoʻjaligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. FAO Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 40 ta qishloq xonadonlari egalariga oʻz issiqxonalarini yuqoridagi usullar boʻyicha modernizatsiya qilish va maqbullashtirishda koʻmaklashgan. Yaqin kelajakda loyiha boʻyicha maqbullashtirilgan issiqxonalarga ega boʻlgan uy xoʻjaliklari sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер