Eshbek traktorchi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi boʻldi

09:52 02 Sentyabr 2021 Jamiyat
1039 0

Bu haqda Eshbek akaning oʻzi quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Aslida bolaligimdan sanʼatga mehrim oʻzgacha boʻlgan. Ammo, oʻtgan asrning 80 yillarida oʻzim istagan yoʻnalish boʻyicha oliy oʻquv yurtiga kirishning imkoni boʻlmadi. Jizzaxdagi qishloq xoʻjalik texnikumini tamomlab, 10 yilga yaqin “sovxoz”da traktorchi boʻlib ishlashga majbur boʻldim. Ammo sanʼatkor boʻlish orzuimdan kechmadim.

Traktorchilikdan kosam oqarmasligini bilgach oʻzim tugʻilib oʻsgan Bulungʻurga qaytdim. Bir muddat tumandagi kasb-hunar bilim yurtida mutaxassisligim boʻyicha oʻqituvchi, keyinchalik sobiq “Komsomol” yoshlar tashkilotida kotib boʻlib ishladim. Shu bilan birga tuman madaniyat boʻlimiga qarashli «Chavqi» folklor-etnografik ansamblida havaskor ishtirokchi sifatida faoliyat olib bordim. Isteʼdodimmi, jamoat ishlaridagi faolligimmi ustozlarimga maʼqul boʻlib, oliy maʼlumotli boʻlmasam ham ular ishonch bildirib, meni jamoaga ishga taklif etishdi. Bu hayotimdagi eng katta muvaffaqiyatlarimdan biri edi. Bu ishonchni oqlashni maqsad qilib, ishga kirishdim. Ansamblni tashkil etgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Suvonqul Abduqodirov, kompazitsiyali dasturlar muallifi Meliboy Rahimov kabi ustozlar etagidan tutib, jon-jahdim bilan ishladim. Jamoamiz respublika va xalqaro festivallarda faxrli oʻrinlarni oldi.

Toʻgʻrisi, ustozlarim tomonidan bildirilgan ishonchdan ilhomlanib, ijod qildim. Togʻma-togʻ yurib, chekka qishloqlarda yashovchi kayvonilardan maqollar yigʻdim. Ularni sheʼrga soldim. Yangi qoʻshiqlar yaratdim. Jamoamiz respublikamizning asosiy bayram tadbirlarida chiqish qilib, nufuzi ortib bordi.

Ozmi - koʻpmi xizmatlarim uchun 2014-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu menga yanada kuch-gʻayrat bagʻishladi. Ansambl repertuarini boyitishda davom etdim. Audio va video dasturlar tayyorlatib, teleradiokanallarga taqdim etdim. Jamoamizning ijodiy ishlari Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Oltin fond”idan joy oldi. Shu yildan boshlab, jamoaga badiiy rahbarlik qila boshladim. Kelgusida ansambl ishini davom ettirish uchun «Chavqi» bolalar jamoasini ham tashkil etdik.

2018-yilda maqom asosida yozilgan qoʻshiqlarimiz bilan yana bir nufuzli “Eng yaxshi ekspeditsiya ilmiy targʻibotchisi” respublika koʻrik tanlovida qatnashib, 2-oʻrinni egalladik.

Mana Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Prezidentimizning farmoniga asosan, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim.

Kim oʻylabdi, bir paytlar traktorchi boʻlgan yigit Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi boʻladi, deb. Bu juda ulkan ishonch. Bu mamlakatimizda sanʼatga qaratilayotgan eʼtibor mahsuli. Ustozlarim va hamkasblarim oliy maʼlumotli boʻlmaganligimni yuzimga solmasligi uchun ham intildim, xato qilmaslikka urindim. Oʻrgandim, oʻqidim, izlandim. Oʻqimishlilardan kam boʻlmaslikka harakat qildim.

Shunday qilib, bundan 30-40 yil avval traktorchi boʻlgan bulungʻurlik Eshbek Normurodov bugun ana shunday yuksak unvonga sazovor boʻldi. Bu oson kechmadi albatta. Qiziqchi Hojiboy Tojiboyev aytganidek, traktorchilarning zamoni kelgandayam, eski kasbimga qaytmadim.

Eshbek Normurodov,
Bulungʻur tumanidagi «Chavqi» folklor-etnografik
ansambli badiiy rahbari,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер