Ertaning xushnud umidi

11:29 26 May 2020 Jamiyat
1343 0

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida belgilangan chora-tadbirlarda taʼminotchi korxona va tashkilotlar oldiga aholining oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon hamda elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlanishi doimiy nazoratga olinishi, hamda narx-navo barqarorligi ustuvor tutilgan edi.

Aholining hayotiy ehtiyojlarida uning tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlanishi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois gaz taʼminotchilari belgilangan tartib asosida ishni tashkil etishib, bunda ehtiyojmand qatlam va olis hududlarda istiqomat qiluvchilar taʼminotiga eʼtibor qaratishmoqda.

Xususan, “Hududgaz Navoiy” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Uchquduq filiali tomonidan viloyatning shimoliy hududlaridagi aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash amalga oshiriladi. Boshqacharoq aytsak, filial tomonidan ishlab chiqarish tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlaridan tashqari Uchquduq shahrining koʻp qavatli uylaridagi 7040 ta xonadon hamda chekka hududlardagi 2697 ta oila suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi.

— Uchquduq shahri aholisiga suyultirilgan gaz gaz taʼminoti uchun oʻrnatilgan gazgolder qurilmalari orqali Qizilqum hududida istiqomat qiluvchi isteʼmolchilariga esa gaz ballonlari yordamida xonadonma xonadon yetkazib berilmoqda, — deydi “Uchquduq tumangaz” filiali rahbari Doʻstmurod Suvonov. — Shu kungacha isteʼmolchilar uchun suyultirilgan gaz yetkazish rejasi oshigʻi bilan bajarildi.

Uchquduq tumaniga suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodlaridan jamiyat tasarrufidagi 6 dona MAN rusumli maxsus suyultirilgan gaz tashuvchi avtotransport vositalari hamda 4 dona temir yoʻl vagonlari orqali tashib keltiriladi. Keltirilgan gazni qabul qilish, maxsus avtomashinalarga quyish hamda maishiy gaz ballonlariga oʻtkazish esa ish quvvati 250 tonna boʻlgan Uchquduq gaz toʻldirish stansiyasi orqali amalga oshirilmoqda. Toʻldirilgan gaz balonlari “Isuzu” maxsus avtotransport vositalarida isteʼmolchilarga yetkazib beriladi.

Taʼkidlash joiz, Uchquduq viloyatning eng olis va yiriq tumani boʻlib, viloyat markazidan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududning Qozogʻiston bilan chegaradosh boʻlgan “Koʻkayas” ovul fuqarolar yigʻini tuman markazidan 200 kilometr shimolda boʻlib, ovulda jami 11 tagina isteʼmolchi oila istiqomat qiladi.

– Sakkiz yildan buyon “Koʻkayas”ga gaz yetkazib beraman, — deydi “Uchquduqtumangaz” filiali ekspeditor haydovchisi Siroj Moʻminov. — Ushbu hududda isteʼmolchi kam boʻlsa-da, ularning ehtiyoji biz uchun muhim. Biz har qanday vaziyatda ham ularga suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berishga harakatidamiz. Isteʼmolchilarimizning xursandligi, ishimizga baraka,  bizga esa gʻayrat bagʻishlaydi.

– Karantindan avvaliga biroz sarosimaga tushgan edik, — deydi “Koʻkayas” OFYda yashovchi fuqaro Yerxon Kostanov. — Bizning bu olis hududlarga endi non-tuzimizni yetkazsa keragu, gaz ballonlarini olib kelishmasov, deb oʻylagandik. Ammo, mana, gaz xodimlari shunday ogʻir vaziyatda ham bizga suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berishyapti. Gaz balonlarini berishidan oldin dezinfeksiya qilishyapti.

“Hududgaz Navoiy” MCHJ tomonidan ayni kunlarda joriy yilning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida gaz taqsimlash qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilib, ularni mavsumga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

– Gaz taqsimlash qurilmalarini texnik taftishdan oʻtkazish, taʼmirlash, boʻyoqlash boʻyicha kunlik, oylik rejalar belgilangan. Hozirda Navoiy shahri, Karmana va Nurota tumanlarida yirik hajmdagi ishlar, amalga oshirilmoqda, — deydi Jamiyatning gaz tarmoqlaridan kompleks foydalanish va nazorat qilish boʻlimi muhandisi Mahmud Jumayev.

Viloyatning yirik hududi Karmana tumanida tabiiy gaz isteʼmolchilari 31810 tani tashkil etadi. Ularga yilning toʻrt faslida ham tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha nosozliklarning oldini olish maqsadida filialga qarashli 3 ta gaz tarqatish stansiyasi va 1225 ta gaz taqsimlash punktlari chuqur taftishdan oʻtkazildi.

Uning natijalariga koʻra 64 ta yuqori bosimli va 1161 tasi oʻrta bosimli gaz taqsimlash punktlaridan 1090 tasida rejim sozlash ishlari olib borilib, shundan 22 tasi toʻliq taʼmirlandi. 9 ta GTPning temir qutilari yangisiga almashtirildi.

Gaz sizib chiqishi, yaʼni isrof boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun joriy yilning aprel oyida 927,7 kilometr gaz quvurlaridan 871 kilometr qismi koʻrikdan oʻtkazildi. Natijada tumanning “Malikrabod” qoʻrgʻoni, “Kumoshkon” va “Allon” mahallalari hududidan oʻtgan gaz quvurlarining 3 tasida gaz sizib chiqish holatlari aniqlanib, joyida bartaraf etildi.

Shu bilan birga “Paxtaobod” va “Kamolot” mahallalaridagi 2,5 kilometr, “Koʻhna Qoʻrgʻon” mahallasidan 0,15 kilometr oʻrta bosimli gaz quvurlari tartibga keltirilib, tirgaklari yangisiga almashtirildi. “Doʻstlik” mahallasidagi oʻrta bosimli gaz quvurining 0,5 kilometr qismiga esa 80 dona tirgak oʻrnatildi.

Muxtasar qilsak, dastur doirasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha amaliy ishlar olib borilib, 2020-2021-yil kuz-qish mavsumini gaz taʼminotida betashvish oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?