Ertangi kunga umid uygʻotib...
Foto: “Xalq soʻzi”
Dilshod Sanoqulov Gʻijduvon tumanining chekka hududlaridan sanalgan Mirakon mahallasida yashaydi. Nogironligi bor. 22 yoshda. Hayotga chanqoq bu yigit yon – atrofidagilar bilan imo – ishora orqali muloqot qiladi. Mehnatsevar.
— Oʻgʻlimning qoʻli gul,— deydi uning onasi Umida Obloyeva.— Monomarkazda hunar oʻrgandi. Tajribali ustalarga shogird tushdi. Hozir zamonaviy deraza-romlarni yasash bilan mashgʻul. Qishloqdoshlarimizga baholi qudrat yordami tegyapti. Aytmoqchi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi koʻmagida subsidiya asosida umumiy miqdori 11 million soʻm boʻlgan ustachilik anjomlari sotib oldi. Ishlayapti. Endi farzandimning ertangi kunidan koʻnglim toʻq.
Ona baribir ona -da. Har tongni farzandining buguni – yu ertasi tashvishida qarshi oladi. Taqdirning achchiq sinovlari oldida boʻyin egmaydi. Bu sinov oldida yolgʻiz emasligini his etadi. Davlatning, jamiyatimizning Dilshod singari salomatligida nuqsoni boʻlgan yoshlar taqdiriga befarq emasligi onaizorni suyuntiradi.
— Avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan korxonada mehnat qilyapman,— deydi sogʻligʻida nuqsoni bor suhbatdoshimiz, Buxoro tumani Toʻqsaboy qishlogʻida yashovchi Mirjon Hamidov. —Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasi asosida monomarkazda oʻqidim. Hunar oʻrgandim. Sizga yolgʻon, menga chin, endi hayot men uchun yanada mazmunli boʻlib qoldi. Chunki ishlayapman. Odamlarga koʻmagim tegyapti.
Mirjon ham yoshlar tashkiloti tavsiyasi asosida monomarkazda oʻqidi. Avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish sirlarini oʻrgandi. Subsidiya asosida zarur asbob – uskunalar olib, oʻz – oʻzini band qildi.
— Sogʻligʻida nuqsoni boʻlgan oʻgʻil – qizlar davlatimizning doimiy eʼtiborida, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyat boshqarmasining axborot va media boʻyicha mutaxassisi Zarnigor Nafiddinova. — Ularni nafaqat kasb – hunarli, balki ijtimoiy himoya qilish borasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mana, “Eʼtibordagilar” deb nomlangan loyihani olib koʻraylik. Unga koʻra, nogironligi boʻlgan, tezkor davolanishga muhtoj yoshlarning 15 nafariga 96 million soʻm miqdoridagi muolaja sarf — xarajatlari qoplab berildi. Umuman, joriy yilning shu kuniga qadar 138 nafar nogironligi boʻlgan oilalarga 978 million soʻmdan ziyod davolanish xarajatlari toʻlandi.102 nafar nogiron farzandli oilalarga 134 million soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Shu birgina loyiha doirasida 350 nafardan ziyod yoshning taklif va muammolari oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
“Inson qadri uchun mehr karvoni”, “Yoshlar oyligi”, “Mehr ulashib” singari ijtimoiy loyihalar, turli sport musobaqalari ham sogʻligʻida nuqsoni boʻlgan oʻgʻil – qizlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab – quvvatlashda qoʻl kelmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab –quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bu borada dasturilamal vazifasini oʻtayapti.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring