Yerlardan oqilona foydalanish hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

11:07 26 Noyabr 2025 Siyosat
137 0

Samarqand viloyatida yaylov va oʻrmon fondi yerlaridan oqilona va samarali foydalanish, ozuqabop ekinlar yetishtirish hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar natijalari Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda xalq deputatlari viloyati Kengashining qoʻshma majlisida muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, viloyatda soʻnggi 3 yilda qariyb 30 ming gektar yangi yer maydonlari oʻzlashtirilib, foydalanishga kiritilgan. Joriy yilda barcha toifa fermer xoʻjaliklari tomonidan 22,3 ming gektar maydon ozuqabop ekinlar ekishga ajratilgan.

Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish va sifatini oshirish maqsadida joriy yilning oʻtgan 9 oy davomida fermer xoʻjaliklari tomonidan chet davlatlardan 5,1 ming bosh qoramol, 8 ming bosh qoʻy-echki, 1,3 mln bosh parranda olib kelingan.

Mazkur ishlar amalga oshirilishi natijasida 51,5 mln dona inkubatsion, 17,5 mln dona isteʼmol tuxum hamda 1507 tonna tovuq panjalari eksport qilingan.

Viloyatda 688,2 ming gektar yaylov yer maydonlari oʻtkazilib, xaritalari tuzilgan hamda degradatsiyaga uchragan 1,4 ming gektar maydonga choʻl ozuqabop ekinlari ekilgan.

Oʻrmon fondi yerlari 65,2 ming gektarni tashkil etib, 2025 yilda 2,6 ming gektar maydonda qishloq xoʻjaligi ekinlari, 145 gektarga ozuqa ekinlari ekilgan va 1,4 ming tonna mahsulot olingan.

Yigʻilishda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjudligi qayd etildi.

Xususan, chorvachilik sohasi uchun zarur boʻladigan kuchli ozuqa yem komponentlarining 60-70 foizi import qilinayotganligi sababli, chorvachilik mahsulotlari tannarxi ortib bormoqda.

Chorvachilik xoʻjaliklarini ozuqa bilan uzluksiz taʼminlashda ayrim kamchiliklar mavjud ekanligi, jumladan ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun yetarli darajada yer maydonlari ajratilmayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

Bundan tashqari, viloyatda 5 ming gektardan ortiq yaylov yer maydonlari degradatsiyaga uchragan yaylovlarning yildan-yilga ozuqa mahsuldorligi pasayib ketmoqda.

Yigʻilish yakunida chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va ozuqa ekinlari hajmini oshirish, yaylov yer maydonlarini tiklash, yerlarni degradatsiyaga uchrashini oldini olish, noqulay iqlim sharoitlarga chidamli ekinlar urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish hamda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan Qoʻshma qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер