Eng arzon guruch Buvaydada

17:00 24 Sentyabr 2025 Jamiyat
112 0

Guruch oqsil, uglevodlarga boy mahsulot. Milliy taomlarimizning tarkibini asosan guruch tashkil etadi. Yilning toʻrt faslida ham unga talab yuqori. Asrlar mobaynida pazandachilik sohasida guruch oʻz maqomini yoʻqotmay kelmoqda.

Ayni paytda Fargʻonada eng arzon guruch bozorini izlasangiz, u – Buvaydada. Tuman markazida joylashgan “Dehqon bozori”dagi guruch rastalaridagi serobchilikdan qalbingiz yayraydi. “Lazer”, “Alanga” kabi mahalliy guruch navlarining bir kilosini 15-20 ming soʻmgacha xarid qilish mumkin.

— Bugungi kunda “Buvayda”, “Bachqir”, “Yangiqadam”, “Begobod”, “Oqtepa”, “Xonobod”, “Beshtarak” singari oʻndan ortiq MFYlari aholisi aynan guruch yetishtirishga ixtisoslashgan, — deydi Buvayda tumani hokimligi mutaxassisi Abrorjon Mamadaliyev. — Har yili tumanda oʻrtacha 3,5 ming gektar yerga sholi ekilib, 1000 tonnadan ziyod guruch olinadi.

Zamonaviy yondashuvlar asosida keyingi yillarda eski “oyjuvoz”larning koʻpi yangi texnologiyalarga almashtirildi. Sholini qayta ishlash, saralash va qadoqlash jarayoni tobora kengayib bormoqda. Sholi ekiladigan maydonlarning 80 foizida lazerli tekislash texnikalari yordamidan foydalanilyapti. Natijada soʻnggi besh yilda har gektar yerdan olinadigan hosil salmogʻi 32-35 sentnerdan 45-50 sentnergacha koʻtarilishiga erishildi.

– “Yangiqadam”da sholichilik mahallaning asosiy drayveri hisoblanadi, – deydi Mahalla raisi Umidjon Yusupov. – Ilgari qoʻlbola tegirmonda bir kunda nari borsa 2 tonna sholi qayta ishlansa, xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida bitta kichik sexda kuniga 35-40 tonnagacha sholi qayta ishlanib, sifatli guruch olinmoqda.

Mahalladagi Gʻayratjon Karimov Xitoy texnologiyasini oʻrnatib, oyiga 40 tonnagacha sholini qayta ishlash orqali 20 nafardan ziyod yoshlarni ishli qilgan tadbirkor. Gʻayratjonning “oyjuvozi” nafaqat Buvayda, balki Qoʻqon, Margʻilon va Fargʻona bozorlarida ham mashhur.

— Ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar asosida ishlab, almisoqdan qolgan eski jihozlardan qutildik. Endi chang, shovqin yoʻq, shunga yarasha ish unumi ham oshdi, — deydi Gʻayratjon. — Muhimi, yil davomida xalqimizni arzon guruch bilan taʼminlayapmiz. Daromadimiz ham chakki emas. Oyiga 50-60 million soʻm daromad bor.

Buvaydada Bahromjon Mamadaliyevni hamma sholichilik sohasi bilimdoni sifatida taniydi. Sababi yigirma yildan buyon sholichilik bilan shugʻullanib kelayotgan mirishkorlardan. Yangilikka intilib ota-bobolardan meros hayotiy tajribani ilm-fan yutuqlari bilan oʻzaro uygʻunlashtirishga harakat qilmoqda. Bu yil 10 gektar yerga “Alanga”, “Lazer” navli sholi ekib, parvarishlagan qahramonimiz 55-60 tonnagacha guruch olishni maqsad qilgan. Bu hozirgi narx-navoga solishtirganda 300 million soʻm daromad deganidir.

– Buvaydada asosan 90-110 kunda tayyor boʻladigan ertapishar navlar ekiladi, – deydi mirishkor Bahromjon Mamadaliyev. – Shu sababli chilgi navlar vaqtida pishadi. Tarmoqda zamonaviy texnologiyalar keng qoʻllanayotgani tufayli qoʻl mehnati tobora kamayib bormoqda. Masalan, sholi koʻchati toʻliq kombaynda oʻrib olinadi. Ammo yildan yilga yer ijarasi, texnika xizmati, mineral oʻgʻitlar narxi ham qimmatlashib borayotganini unutmaslik lozim.

Bugun sholikorlarga suv tanqisligi, yuqori harorat, shoʻrlanish, kasallik va zararkunandalarga chidamli, shamolda tez yotib qolmaydigan hamda quyosh nuridan samarali foydalanadigan yangi navlar kerak. Noqulay ob-havo sharoitida baʼzan kechpishar – 135-150 kunda tayyor boʻladigan navlar hosili toʻliq yetilmay qolmoqda. Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan sholichilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida amaliy saʼy-harakatlarga kirishilgan. Shu maqsadda viloyatda sholichilik yaxshi rivojlangan yana bir tuman – Yozyovonda Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti filialini tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu yil tajribasi tariqasida institut olimlari tomonidan tumandagi “Bahrombek” fermer xoʻjaligida yangi navlar sinovdan oʻtkazildi.

— Tabiati guruch yetishtirishga qulay Soʻx tumanidan 1 gektar tajriba-sinov maydoni ajratib berilishiga kelishib olindi, — deydi Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Maʼsudjon Sattorov. — Bu mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvchan, yuqori sifatli hosil beradigan navlarni tanlash va koʻpaytirish imkonini beradi.

Ayni paytda Fargʻona vodiysi hududlarida yangi navlarni koʻpaytirish, urugʻchilik va yetishtirish agrotexnikasi ustida olib borilayotgan ilmiy ishlar oʻz samarasini bermoqda. Aytaylik, sholini koʻchat usulida ekish tajribasi suv, texnika va mineral oʻgʻitlar xarajatini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berishi isbotlandi. Xorijiy hamkorlik doirasida Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan Janubiy Koreya, Xitoy, Vyetnam, Hindiston, Filippin davlatlaridan 200 dan ortiq nav va namunalar olib kelindi. Hozirda 100 dan ziyod xorijiy, mahalliy erta, oʻrta va kechpishar navlar ustida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Ilmiy izlanishlar samarasi sifatida “Tarona”, “Tantana”, “Sadaf”, “Billur”, “Yoʻldosh”, “Manzur” kabi yangi navlar yaratildi. Milliy brendga aylanishi kutilayotgan “Tarona” va “Tantana” navlari uchun mualliflik patenti olindi.

Botir MADIYOROV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер