Endi Poʻlotchining oʻz maktabi bor

18:21 09 Yanvar 2023 Jamiyat
904 0

Foto: Xalq so‘zi

— Qabulxonamiz hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan sayyor qabullarning birida Poʻlotchi qishlogʻida istiqomat qiluvchi aholidan hududda maktab yoʻqligi masalasi oʻrtaga tashlangan edi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev. — Ahvolni atroflicha oʻrgandik. Poʻlotchida aholi, jumladan, maktab yoshidagi bolalar soni yil sayin koʻpayib borayotgani, bu qishloq oʻgʻil – qizlari uzoq yoʻl bosib, 1-, 7-, 20- umumtaʼlim maktablariga borib oʻqishga majbur boʻlishayotgani aniqlandi. Shundan soʻng Poʻlotchida yangi maktab qurish kerak, degan qarorga kelindi.

Qishloq aholisining koʻp yillik orzusi ushalishi uchun nari borsa yetti – sakkiz oy kifoya qildi. Poʻlotchida 220 oʻringa moʻljallangan yangi 24-umumtaʼlim maktabi barpo etildi. “Obod qishloq” dasturi asosida qad rostlagan zamonaviy inshoot qurilishi uchun 4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi.

Poʻlotchida endi ota-onalarning koʻngillari toʻq. Negaki, farzandlari shundoq qoʻl choʻzsa yetgulik maktabda, zamonaviy shart-sharoitlarda saboq olishadi.

Aytmoqchi, aholi talab-istaklaridan kelib chiqib tumandagi “Sorgʻun” mahallasida ham 23-umumtaʼlim maktabining 240 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan yangi binosi va sport zali qurilib foydalanishga topshirildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?