“Endi men yolgʻiz emasman...”
Hayot daryoga oʻxshaydi. Daryo bir tekis oqmaganidek, inson ham turmushning achchiq va tashvishli damlariga roʻbaroʻ keladi. Qorovulbozorlik Firuza Izdiliyayeva bunga oʻz hayoti misolida koʻp bor ishonch hosil qilgan. Qolaversa, birinchi guruh nogironi sanalgan kishiga qachon oson boʻlgan, deysiz?
—Tushkunlikka tushib, yolgʻizlikdan qiynalgan kezlarimda yaxshi odamlar yordamlarini darigʻ tutishmayapti,— deydi u. —Mahalla-koʻy, ayniqsa, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi jamoasidan minnatdorman. Kechagiday esimda, shu markazdan kelib, “Opajon, aslo zerikmang, siz yolgʻiz emassiz” deyishganida qushday yengil tortganman. Ular taqdim etgan elektr bilan harakatlanadigan aravacha mushkulimni ancha oson qildi. Endi hayot koʻzimga juda chiroyli koʻrinmoqda.
Bir nafar voyaga yetmagan bolani tarbiyalayotgan bu yurtdoshimizning turmushi hafta, oy sayin yaxshilanib boryapti, desak adashmaymiz. Xususan, uning “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotgani ayni muddao. Bir necha yoʻnalishni qamrab olgan bu dasturga koʻra, unga kam taʼminlangan oilalar uchun moʻljallangan bola nafaqasi tayinlandi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi esa dori-darmon xarajatlari uchun moddiy yordam ajratdi. Hatto markazga qarashli sanatoriyda salomatligini tiklashi uchun imkoniyat yaratildi.
—Bular hali hammasi emas,— deydi suhbatdoshimiz.— Markaz uy-roʻzgʻor yumushlariga koʻmaklashish uchun ataylab bir kishi ajratdi. Tashvishim yengillashdi. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bu eʼtibor va gʻamxoʻrlikni aslo unutmayman.
Darhaqiqat, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida joriy etilgan yangi yoʻnalishlardan biri – uyda qarab turish xizmati taqdirning achchiq zarbasi oqibatida mustaqil tarzda yura olmay qolgan ayolning mushkulini oson qildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, aholining ehtiyojmand qatlamlariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻlami yil sayin kengaymoqda. Bu yumushlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda tuman va shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari tomonidan tizimli tarzda amalga oshirilyapti.
Eʼtiborlisi, bu xayrli ishga biznes sohasi vakillari ham hissa qoʻshishmoqda. Masalan, gʻijduvonlik tadbirkor Viloyat Gʻulomova tashabbusi bilan tumanda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida kunduzgi qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda hozir 13 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj fuqaroga ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatilmoqda. Buning afzalliklari juda koʻp. Gap shundaki, ilgari qarovga muhtojlarning yaqinlari uyda ularning parvarishi bilan shugʻullanishga majbur edi. Oqibatda ular foydali ijtimoiy mehnat bilan shugʻullana olmasdi. Endilikda esa ahvol oʻzgardi. “Faol hayotga qadam” dasturi sharofati bilan qarovga muhtojlarning yaqinlari ishlab, roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirish imkoniga ega boʻldilar. Qolaversa, bu dasturda nogironligi boʻlgan fuqarolarga ham qiziqishlaridan kelib chiqib hunar oʻrgatish koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring