Endi gugurt chaqishga hojat yoʻq

14:14 10 Oktyabr 2023 Jamiyat
455 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Respublikamiz Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida asosan tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (maʼnan eskirgan, qoʻlbola) yondirgichlar (gorelkalar)ni zamonaviy, issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi va xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirish, bunga isteʼmolchilar orasida keng koʻlamdagi targʻibot tadbirlari orqali erishish vazifalari belgilangan.

Mazkur vazifa ijrosi boʻyicha shu kunga qadar “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan 23 mingdan oshiq aholi tabiiy gaz isteʼmolchilarining qozonxonalaridagi yondirgichlar almashtirilib, afzalliklarini koʻpchilik mamnuniyat bilan eʼtirof etishmoqda.

— Ilgari bir mavsumda tabiiy gaz sarfi uchun 500-800 ming soʻmgacha toʻlov qilardik, — deydi Nurota tumanining Ibn Sino mahallasida istiqomat qiluvchi Nosir Idiyev. – Oʻtgan yili bu gorelka karomati bilan 350 ming soʻm xarajat qildik. Yana bir qulay tomoni uning xavfsizligi – masalan bosim pasayib koʻtarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar boʻlganda, avtomatik tarzda oʻchib, gaz oʻtkazishni toʻxtatadi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, Nurota tumanida 31 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari mavjud boʻlib, tabiiy gaz isteʼmolchilari 7 677 tani tashkil etadi. “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali hamda “Nurotatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi tegishli mutaxassislari ishtirokida har bir mahallada energiya tejamkor gaz uskunalarining afzalligi va uni xavfsizligi yuzasidan targʻibot tadbiri oʻtkazilib, zamonaviy gaz yondirgichlarning iqtisodiy qulayligi bilan birga is gazidan zaharlanishning oldini olishda xavfsizligi aniq misollar asosida tushuntirilmoqda.

—Tumanimizda mavsum boshidan buyon 1400 xonadondagi qozonxonalarga zamonaviy yondirgichlar oʻrnatildi, — deydi “Nurotatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi yetakchi muhandisi Rahimqul Sattorov. – Aholining mazkur moslamaga toʻliq oʻtkazilishi 30-35 foizga qadar tabiiy gaz sarfini kamaytirish imkoni berar ekan, tejalgan gaz ehtiyoj ortgan kuz-qish mavsumini betashvish oʻtkazishimizni ham kafolatlaydi.

Chindan ham aholi uchun eng avvalo, tabiiy gaz taʼminotining barqarorligiga kafolat muhim. Mutaxassislarning buni yangi, zamonaviy yondirgichlar bilan bogʻlashi viloyatda isteʼmolchilarning unga ixlosini orttirib, shu kunga qadar 23 mingga (jami 169 ming) yaqin xonadonga mazkur moslamalar oʻrnatildi. Yana bir gap, koʻpam sezilmaydiyu biroq qozonxonada har safar gugurt chaqilishini inobatga olsak, uning muomaladan chiqarilishi ham isteʼmolchi hamyoniga foyda deganidir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?