Elektr energetikasida investitsiyalar imkoniyati

13:54 28 Yanvar 2026 Jamiyat
179 0

Prezidentimizning 2024-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2024-2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Samarqand viloyatida elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy operatorga berish boʻyicha tender oʻtkazilib, gʻolib eʼlon qilingan edi.

Unga koʻra, Turkiyaning “Aksa Elektrik” kompaniyasi xalqaro tender gʻolibi sifatida Samarqand viloyati elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini 30-yil muddatga boshqarish huquqini qoʻlga kiritgan.

Loyihaning qiymati dastlab 250 million dollarga baholangan boʻlib, viloyatda past kuchlanishli taqsimlash tarmoqlari infratuzilmasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish, boshqarish, texnik xizmat koʻrsatish va taqsimlashni oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, loyiha Samarqand viloyatidagi elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularni konsessiyaga berishni nazarda tutadi. Bir yilda energiya isteʼmoli taxminan 5,5 milliard kVt/soat va aholisi 4,3 million boʻlgan mazkur viloyat sanoat, taʼlim va turizm nuqtayi nazaridan eng strategik mintaqalardan biri hisoblanadi. Kompaniya oʻz tajribasi va tezkor moslashuvchanligi bilan 30-yillik investitsiya davrida uzluksiz elektr taʼminoti, zamonaviy infratuzilma va ekologik barqarorlikka yoʻnaltirilgan modelni yaratishni niyat qilgan.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, “Aksa Enerji” kompaniyasi 1960-yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Ushbu xolding nafaqat energetika masalalari bilan, balki qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida ham qator loyihalar ustida ish olib boradi. Bugungi kunda ularning loyihalari asosida dunyoning bir qancha mamlakatlarida, jumladan, Turkiyadan tashqari Gana, Madagaskar, Mali va Kongo davlatlarida elektr stansiyalari qurilmoqda. Kompaniya faoliyati bizga ham begona emas, ular 2022-yilda Buxoro viloyatida quvvati 270 MVT, Toshkentda quvvati 240 MVT boʻlgan issiqlik elektr stansiyalarini qurib foydalanishga topshirgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida quvvati 400 MVT boʻlgan gaz porshenli elektr stansiyasi qurilishiga 250 million dollar sarmoya kiritgan.

“Aksa Enerji” kompaniyasi Samarqand viloyati elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini 30-yil davomida boshqaradi va muddat shartlar bajarilishi boʻyicha uzaytirilishi ham mumkin. Agar loyiha samarali davom etadigan boʻlsa, barcha hududlardagi elektr tarmoqlari bosqichma-bosqich xususiy boshqaruvga oʻtkaziladi.

Kompaniya boshqaruv davomida sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Xorijlik mutaxassislar viloyatdagi tuman va shahar hududiy elektr taʼminoti korxonalari faoliyatini oʻrganmoqda. Samarqand viloyatining aholisi, shuningdek, filialning tashkiliy tuzilmasi hamda elektr taʼminoti tizimi boʻyicha taqdimot oʻtkazilib, mavjud infratuzilma holati hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish tizimi haqida maʼlumotlar berilmoqda.

- Bugungi kunda viloyatimiz elektr tarmoqlarining jami uzunligi 30 ming kilometrdan ortiqni tashkil etib, shundan 16,7 ming kilometr uzunlikdagi tarmoq, yaʼni 54 foizi eskirib ketgan, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali bosh muhandisi Ilhom Norboyev. — Jumladan, 35-110 kVlik 144 ta podstansiya, ishlab turgan 10-6/0,4 kVlik 13172 ta transformator punktidan 4512 tasi maʼnan eskirgan. Shuningdek, 54 foiz, yaʼni 128 ta quvvat transformatorini almashtirish talab etiladi. Investor butun tarmoqni boshqarib boradi, taʼmirlaydi va yangi tarmoqlar quradi. Natijada ular tarmoq orqali oʻtayotgan har bir kVt/soat elektr energiyasi uchun maʼlum summa oladi. Isteʼmolchi esa ishlatgan elektr energiyasi uchun mobil ilovalar orqali hozirgidek haq toʻlashda davom etaveradi. Shunchaki, ular toʻlayotgan mablagʻning bir qismi tarmoqni boshqarayotgan investor hisobiga tushadi.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida elektr tarmoqlari, transformator stansiyalari va nimstansiyalarni yangilash, davlat xarajatlarini qisqartirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, energiya yoʻqotishlarini kamaytirish, elektr uzilishlarini minimallashtirish va uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam berishi ham kutilmoqda.

Energetika vazirligi ikki yil ichida mamlakatimiz energetika tizimining barqaror va uzluksiz ishlashiga erishishni maqsad qilgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish, toʻliq raqamlashtirish, uzatish tarmoqlarini boshqarishga xususiy operatorlarni jalb qilishni rejalashtirgan.

Davlat xususiy sheriklik dasturiga koʻra, 2027-yil 1-iyulgacha barcha hududlardagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini xususiy operatorlarga oʻtkazish boʻyicha shartnomalar imzolanishi kerak. Bu borada Samarqand tajribasi birinchisi boʻldi, endilikda Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qurish va xususiy sektor boshqaruviga berish boʻyicha tender eʼlon qilish koʻzda tutilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?