El suygan adib

Foto: Arxiv surat
Bugun — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
Asqad Muxtor tavallud topgan kun
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor 1920-yil 23-dekabrida Fargʻona shahrida tugʻilgan. Ijodkor xalqimiz qalbidan nosir, shoir, mohir tarjimon sifatida joy olgan. Uning «Poʻlat quyuvchi», “Hamshaharlarim”, “Rahmat, mehribonim”, “Chin yurakdan” kabi sheʼriy kitoblari, “Daryolar tutashgan joyda”, “Qoraqalpoq qissasi”, “Buxoroning jin koʻchalari” kabi qissalari, “Opa-singillar”, “Tugʻilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Chinor”, «Amu» kabi romanlari va boshqa koʻplab asarlari xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan.
KOʻK TOSH
Men toshman, koʻk tosh. Otim — Yashm. Oʻn ming yillardan beri koʻrmagan tomosham qolmadi. Birov boshiga koʻtaradi, birov sirtimga minib oʻtiradi, birov toʻriga qoʻyadi, birov — goʻriga. Yurmagan yoʻlim, koʻrmagan elim yoʻq. Bir Yer yuzining qaysi bir nuqtasida yotsam, mengaku baribir, lekin odamlarga hayronman, togʻu tosh demay, daryomi-dengiz demay, dam dunyoning u chekkasiga, dam bu chekkasiga sudraganlari-sudragan meni. Chiroyli ekanman, asil ekanman, shaffof ekanman, xoʻsh, kelib tomosha qilaver. Yoʻqda, meniki boʻlsin. Shu “Seniki-meniki” degan faqat odamda boʻladi, nazarimda — urush-janjali ham, qirgʻini ham shundan, oʻlimi ham, kulfati ham.
Tagʻin, buning gunohini oʻzlaridan soqit qilish uchun, mening toʻgʻrimda mudhish afsonalar toʻqishganini aytmaysizmi!
Keyingi bir necha ming yil davomidaku Chin-Mochinning hashamatli saroylarini bezab, ancha tinch oʻtirdim. U xoqonning qasridan bu xoqonning saroyiga surgalib ancha sayqallashib qolgan boʻlsam ham, bus-butun edim, birov jon bergani ham yoʻq meni deb. Ammo, mana endi, Chingiz degani kelayotganmish tuman-tuman lashkari bilan dala dashtni dudu toʻzonga chulgʻab. Meni deb kelayotganmish. Men kerak boʻlsam, mana turibmanku, kel, ol. Nima qilasan butun bir mulkatni oʻtga tutib, shaharlarni koʻkka sovurib, lak-lak lashkarni qirib, begunoh elatlarni qon-qora qaqshatib! Yorab!!!
Aytdimku, dunyoning qaysi chekkasida yotsam — menga baribir, deb. Mana endi, tagʻin sudrab ketishayapti. Chin-Mochinda meni muqaddas hisoblar edilar, mana endi tinchligim buzildi, meni deb yuzta ot, uch yuzta navkar ovora. Koʻp oʻtmay, qumda sudraydigan yogʻoch chanaga tushdim. Chunki ustiga xoda qoʻyib meni loʻkillatib olib ketayotan toʻrtta fil kecha kechasi oʻlib qoldi. Choʻlga yaramas ekanda jonivorlar. Keyin toʻrtta tuya oʻrkachiga joylab koʻrishdi, boʻlmadi, sirgʻalib tushib qumga yumaladim. Oltita navkarni bosib qoldim, yerga chalpakday yopishib jon berishdi shoʻring qurgʻurlar. Bu voqeadan keyin xoqonning oʻzi yana toʻrttasini ehtiyotsizligi uchun qamchilab oʻldirdi. Endi mana “chana” daman. Ey, aziz jonini ayamagan odamlar-ey... Mengaku, ming yil choʻt emas, bu gumrohlarning umri axir bir nafas. Oʻylab koʻrsachi, qadriga yetsachi!
Meni joyimdan qoʻzgʻaganning oʻzi bir falokatga duchor boʻladi. Bu afsonani, hali aytganimday, odamlarning oʻzlari toʻqib chiqargan, oʻzlari shunga ishonishadi ham. Asli oʻzi shunday, shekillida, necha marta sinaganman, oʻzim ham ishonib qoldim afsonaga. Qoʻl tekkizishsa, xavotirlanib turaman. Lekin odamlar... hamon joyimda tinch qoʻyishmaydida.
Haligi Chingiz degani ham mana meni ne azob bilan olib keldiyu, oʻzi, oʻsha afsonada aytilganiday, bekordan-bekor shamollab, toʻsatdan qazo qildi. Mening Chin-Mochindan Movarounnahrga koʻchib olganim qoldi.
Bu yerning xoʻjayini ham, uning oti Chigʻatoy edi, nafimni koʻrib-koʻrmay oʻlib ketdi. Odamlar buni ham mening kasofatimga yoʻyishdi, albatta.
Inson oʻtmishdan saboq olmas ekanda. Oʻsha Chigʻatoyning nevarasi yana menga qoʻl urib, Naxshabda taxt qilib ustimga minib oʻtirdi. E... bunga ham yorlaqagani yoʻq. Ochigʻi, gap mening haqimdagi afsonada emas, hammasi odamlarning ochkoʻzligidan. Axir, Chin-Mochin xoqonlari meni qaytib olib ketish uchun ne-ne hiyla-nayranglar ishlatishmadi, ne-ne porayu boyliklar vaʼda qilishmadi, oradagi sotqinlik, xiyonatlar gʻoyib boʻlgan, oʻlib ketgan ne-ne odamlar.
Axiri, meniki boʻlgʻusi xoʻjayinim ulugʻ Temur bariga chek qoʻydi, ochkoʻz urushqoqlarning nafsini tiyib, boshini qoʻshib, bir toj ostiga jipslashtirdi. Bu mashgʻulotlar bilan boʻlib, u zot mening taqdirimni jilla koʻzdan qochirdilar. Ammo bir donishmand nabiralari qadrimga yetdi. Meni topib, poytaxtga koʻchirish uchun maxsus yoʻl soldirdi. Shikast yetmasin, deganda. Keshdan Samarqandgacha dastlab men yurgan oʻsha tekis yoʻl hali ham bor, balki koʻrgandirsiz.
Donishmand meni buyuk bobosining qabriga qoʻydirdi. Mangulik toza husnim shu zotning abadiy shuhratiga monand edi, bir necha yuz yil odamlarga shu fikrni eslatib, tinch yotdim.
Afsus, ulugʻlar oʻlar ekanu, odamlarning badnafsligi oʻlmas ekan. Oʻzini jahongir hisoblagan yovqur hukmdor Nodirshoh yana menga koʻz tikdi. Samarqandning boshqa ganjinalari bilan birga meni ham Mashhadga koʻchirib olib ketishni buyurdi. Ulugʻ zot qabridan qoʻporib... Ammo oʻz amri oʻz koʻngliga gʻulgʻula soldi, mening haqimdagi mudhish afsona yodiga tushib, hukmdor sust ketdi. Qoʻrqoq yuragiga tasalli qidirib, ulugʻ Temur xotirasiga fotihalar oʻqitib, meni poytaxt qasrida muqaddas tosh deb eʼlon qilishga vaʼda berib, oʻz dilini ovutdi. Biroq u, baribir, qoʻrqoq bir oʻgʻri edi. Dilidagi hadik halovatini oldi. Avliyolarning arvohlari, oh sohibqironning qoʻporilgan qabri, maqbara vayronalari tushlariga kirib, badanini sovuq ter bosib uygʻonib ketardi. Qoʻrquvdan telba boʻlishiga sal qolganda axiri meni Samarqandga qaytarib, oʻrnimga qoʻyishga farmon berdi. Yana safar, yana sudra-sudra, yoʻl azobidan darz ketgan kunim, Nodirshohni oʻz odamlari soʻyib qoʻyibdi, degan gap tarqaldi. Buni ham odamlar, noiloj, mening kasofatimdan koʻrdilar.
Shundan keyin qabr tepasida yana bir necha asr tinch qoʻyishdi. Sagʻanada yastanib yotib men uchun yangilik emas, yotaverdim. Maqbara muhtasham, hamisha gavjum, toʻda-toʻda boʻlib dunyoning har chekkasidan kelib ziyorat qilishadi. Mundoq boʻptida, kelib koʻrish mumkin boʻlgandan keyin, seniki-meniki qilib talashish, qoʻporish, buzish, urushish na hojat! Yuqorida aytdimku. Yer yuzining qaysi nuqtasida yotish mening uchun baribir, deb.
Shunday qilib, odamlarga es kiribdi, deb bamaylixotir yotsam, e-voh, nadomatlar boʻlsinki...
Bir kuni yana kelib qolishdi. Bu safar ular koʻpchilik edi, na afsonaga, na qismatga, na Xudoga, na arvohga ishonadigan odamlar. Kelishdiyu, bismillosiz, qoʻllariga mirsangu choʻkich olishdi.
Ular hali... ertasiga jahon boʻylab qonli qirgʻin boshlanishini, toʻrt yil davomida ellik milliondan ortiq inson yer tishlashini bilishmas edi.
Bu 1941-yilning 21-iyuni edida. Hali tarixning eng fojiali tongi otmagan edi.
OMON QOLGAN ODAM
1956-yili edi. Yetimxonada birga oʻsgan tengdoshlarimni uchratib qoldim. Yigirma yilcha koʻrishmagan boʻlsakda, men u haqda ancha-muncha gapni eshitib bilar edim. Oʻzim umrimda koʻp qiyinchilik, mushkul vaziyatlarni boshimdan kechirganman. Lekin mening koʻrgan kunimni buning koʻrgiliklari oldida jannat desa boʻlardi.
U tarixchi yosh muallim edi. 1941-yili urushga ketganini bilaman, keyin koʻp oʻtmay, bedarak yoʻqolganini eshitdim. Urushdan keyin maʼlum boʻldiki, asir tushib, toʻrt yilda konslager dahshatlarini boshidan kechiribdi. Gʻalabadan keyin harbiy qismlarimiz qutqazganda, oilasiga darak keldi: ochlikdan chalajon boʻlgan holicha gospitalga joylashtirishgan ekan. Ammo bir yil oʻtar-oʻtmay Kolimada emish, deb eshitdik.
Oʻsha gapga ham toʻqqiz yil boʻldi. Demak, jami oʻn besh yilcha jahannam azobini chekib omon qolgan odam.
Lekin u hozir bunday kulfatni kechirgan kishiga sira oʻxshamasdi. Quloch yozib koʻrishganimizda yana ham amin boʻldimki, u togʻni ursa talqon qiladiganday sogʻlom, baquvvat, oq yuzidan kulgi charaqlab turibdi.
– Obbo, Fazliddin-yey... — dedim oʻsha tanishim ekaniga ishonqiramay. Sportchilarnikiday dagʻal, keng kafti bilan yelkamga urib qoʻydi. Shuncha mudhish sinovlar kor qilmabdi, azamatga. «Biz detdom bolalari hammamiz shunaqamiz oʻzi, — deya gʻururlanib qoʻydim, — mushkul yillar qaddimizni bukolmay oʻtdi-ketdi, biz esa oʻsha-oʻsha tetik!».
– Obbo, sen-yey, yur ketdik!
– Qayoqqa?
– Qayoqqa boʻlardi, hovligada, oʻtgan qora kunlarni eslab chaq-chaqlashamiz, ogʻayni.
– Yoʻq, — dedi u.
– Yigirma yilda bir koʻrishiba?
– Yoʻq, Qoʻqon xonligining elchisi qabulxonamda kutib oʻltiribdi... Siz ham boring. Xurosonda vaziyat ogʻir...—dedi u.
Koʻzlarimni pirpiratib, yuziga boqsam, hazillashayotgan kishiga oʻxshamaydi, jiddiy. U-bu gap topgunimcha “xayr” deb joʻnab ketdi.
– ... Attang... — deya shivirlab, terakka suyangancha orqasidan qarab qolaverdim.
TAFT
Qobulda bogʻi Bobur degan qadamjo bor. Uning baland toʻrida shoirning qabri saqlangan. Oyoq tomondagi qari tutni oʻsha vaqtlarda oʻtqazilgan, deb tushuntirishadi. Qadamjoni ikkinchi bor ziyorat qilganimda yonimda menga bogʻlab qoʻyilgan soqchidan boʻlak odam yoʻq edi. Uning oti Maʼrif, kambagʻalgina askar bola.
Men bu safar tutga uzoq tikilib qoldim. U qarib, yoʻgʻon tanasi tamoman chirib, oʻq ildizi tuproqqa aylangan. Lekin bir yonidagi jindek gʻudur poʻstloqdan ozgina shira kelib bir-ikki shohida yashil barglar hali ham shivirlashib turibdi. Nahotki oʻsha asrlardan beri tirik? Uni oʻtqazganlar, balki buyuk bobomizni koʻrgandir. Poʻstlogʻida kimlarning kaft izlari bor ekan? Shabadada qaltirab yiltillab turgan bu siyrak barglar moʻjizaday tuyuladi, men ularni ushlagim keldiyu, qoʻl tekkizolmadim. Tiz choʻkib, tutning poʻstlogʻi bor tomonga kaftimni uzatsam, qoʻlim titrab, badanimga oʻt yugurganday boʻldi.
– Ajabo... dedim asta silab koʻrib.
– Boʻlmaydi,— dedi shu payt tepamda turgan Maʼrif.
Oʻrnimdan turdim. Ushlash mumkin emas ekan, deb oʻylab, xijolat tortdim.
Bogʻdan chiqqandan keyin surishtirsam, Maʼrif “boʻlmaydi”ni boshqa maʼnoda aytgan ekan. Uning otasi bozorda oʻtinfurushlarga tarozibonlik qilar ekan. Xonadonda oʻtinning sifatini yaxshi bilishadi.
— Endi u yonsa ham taft bermaydi. Chirindi, — dedi askar.
Asqad MUXTOR
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring