El duosini olish oliy baxt

14:27 25 Dekabr 2024 Jamiyat
177 0

Oilamiz pedagoglar sulolasi. Otam 40 yil oʻqituvchilik qilgan. Toʻrt opa-singil, turmush oʻrtogʻim, qizim-oʻgʻlim, kelinim, qoʻyingki, jami oilamizning pedagogik stajimiz hisoblasak, 200 -yildan oshadi. Oʻqituvchilik bizga sharafgina emas, ota kasbini ulugʻlash qadriyati ham.

Otam ikkinchi jahon urushidan qaytgach, ovulimizdagi maktabning birinchi oʻqituvchisi boʻlgan. Oʻsha kezlar turli yoshdagi oʻgʻil-qizlarga bitta oʻtovda dars oʻtilgan. Keyinchalik 1958-yil oʻsha paytlar “xurjun” maktab deyilgan, yaʼni ikki xona bir dahlizli maktab qurilgan. 1965-yil hozirgi maktabimizning ortidagi moslashtirilgan binoga koʻchib oʻtilgan. 2014-yil mana shu maktabimiz qurildi.

Maktabimizda oʻquvchilarning aksariyati chorvadorlarning farzandlari. Qoʻni-qoʻshnisiz otarda oʻsgan farzandini birinchi sinfga olib kelgan ota-onaning quvonch aralash xijolatini hech koʻrganmisiz? Ana shu quvonch oy sayin oshib, xijolat chekinadi. Ustozlikning, oʻqituvchilikning sharafi, halovati shunda.

Mamlakatimiz rahbari oʻz faoliyatining dastlabki kunlaridanoq taʼlim tizimida tub islohotlarni amalga oshirish vazifalarini belgilab, pedagog avvalo, oilasining moliyaviy masalalaridan xotirjam boʻlmogʻi, u ertaga nima bilan tirikchilik qilish emas, qanday yangilik kiritish haqida bosh qotirishi kerakligini ilgari surdi. Shu asosda biz pedagoglarning jamiyatdagi mavqeyimiz oshib bormoqda.

Ikki chaqiriq xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi hamda Konimex tumani Kengashiga saylandim. 2024-yilda Respublika Oliy Majlisiga deputat sifatida saylanganim, albatta, butun oʻqituvchilarga xalqimizning ishonchi, eʼtibori va mehrining ifodasi, deb bilaman.

Shuningdek, “Fidokorona xizmatlari uchun” hamda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganim mamlakatimiz rahbarining alohida shaxsga emas, balki butun taʼlim ahliga ehtiromining namunasidir. Ushbu mukofotlar menga qanot bagʻishladi, desam xato qilmayman. Uning puliga maktabimizda quduq qazdirdim. Suv chiqarib butun hovlisini koʻm-koʻk bogʻga aylantirdik. Otam rahmatli oʻttiz yil burun endigina direktor boʻlganimda ”endi maktab uying boʻladi. Uyga emas, maktabga tashisang, elga yaqin boʻlasan”, degandi. El duosini olish oliy baxtligini endi tushunib yetdim. Yangi yil xalqimizga yangi imkoniyatlar, yangi zafarlar keltirsin.

Iba NARIZOVA,

Respublika Oliy Majlisi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер