El boshiga ish tushganda

16:36 01 Aprel 2020 Jamiyat
804 0

Odamlarning bir-biriga nisbatan mehr-oqibatli boʻlishligi zarurati har qachongidan koʻra yaqqolroq koʻzga tashlanmoqda. Mahalla-kuyda qoʻni-qoʻshnilarning,qarindosh-urugʻlarning oʻzaro hamjihatligi, mehr-muruvvati, saxovatpeshaligi bugungi tashvishli kunlarni ortda qoldirishda tabiiy zaruratga aylanayotir. Shu bois, kishilar bemorlarga yordam berish, kambagʻallar holidan xabar olish kabi savobli ishlarni qilishga oshiqmoqda. Insoniylik belgisi sanalgan bu sifatlar aslida ota-bobolarimizdan qolgan yuksak fazilatlar edi. Bugun biz ana shu hikmatga bor vujudimiz bilan chuqurroq singmoqdamiz.

Yer yuzida tez tarqalayotgan koronavirus yuqumli kasalligiga qarshi kurashda ziqna boylarning turli yoʻllar bilan yiqqan mol-dunyosi zarracha naf bermayotir. Ijtimoiy tarmoqlarda kishining oʻz nafsiga qul boʻlganidan koʻra, saxiylikka, mehr-muruvvatga bagʻrini kengroq ochgani foydaliroq ekanligi haqidagi xabarlar haqiqatga naqadar yaqinligi bilan ajralib turibdi. Zero, muqaddas dinimiz taʼlimoti ham bizni el boshiga ish tushgan kunlarda bir-birimizga mehr-muruvvatli boʻlishga undaydi. Nafaqat odamlarga, hattoki, jonivorlarga ham shafqat koʻrsatish lozimligi taʼkidlanadi.

Kunlik odatimga koʻra, kitob javonidan butun dunyo musulmonlarining faxri boʻlmish vatandoshimiz, muhaddislar sultoni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlarining“Al-adab al-mufrad” asarini olib mutolaa qilar ekanman,sevimli paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallamning shu xususidagi bir hadislariga duch keldim. Unda bunday deyiladi:

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:

“Bir kishi yoʻlda ketayotib juda qattiq chanqadi. Keyin bir quduqqa tushib, suv ichib chiqdi. Qarasa, bir it nihoyatda qattiq chanqaganidan tuproqlarni yalab yuribdi.

Haligi kishi “Bu it menga oʻxshab rosa chanqabdi. Menga yetgan chanqoq bunga ham yetibdi” deb, qaytib quduqqa tushib, mahsisini suvga toʻldirdi. Soʻng uni tishida tishlab chiqib, suvni itga tutdi. Alloh uning gunohini magʻfirat qildi”,-dedilar.

“Yo Rasululloh! Bizga hayvonlarda ham ajr bormi?”-deyishdi.

“Har bir hoʻl jigarda savob bor”,-dedilar.

Yaratgan Xalloqning huzurida jonivorlarga koʻrsatilgan muruvvat shunchalik ahamiyatli ekan, endi kishilarning bir-birlariga koʻrsatadigan yaxshiliklarida qanchalik savob borligini oʻylab koʻravering.

Ota-bobolarimizdan qolgan bu hikmatni teran anglagan kishilar shu kunlarda yaxshilikka shoshilmoqda. Aholi oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlayotir. Muhtojlarga, kambagʻallarga, bemorlarga, qarovchisiz yolgʻiz keksalarga har qachongidan ham eʼtiborliroq boʻlishmoqda.

Toshkent viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan xayriya tadbirlari tobora keng quloch yoymoqda. Yaqinda Piskent tumanida xorijda boʻlib qaytgan va ular bilan aloqada boʻlgan fuqarolarni karantinga olinishi sababli ular yashayotgan xonadonlarga viloyat hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Muruvvat yordami” yetkazib berildi. Vaziyat tufayli koʻchaga chiqishi cheklangan kishilar zaruriy dori-darmon, gigiyenik vositalar, goʻsht, tuxum, un, yogʻ, makaron, kartoshka singari kundalik ehtiyoj uchun talab etiladigan 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi.

—Yaqinda Qozogʻistonga mehmonga borib kelgan edik,-deydi, “Doʻstlik” mahallasi Yangi hayot koʻchasidagi 1-uyda istiqomat qiluvchi J.Temurboyev. — Sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari tomonidan, 14 kunlik karantin joriy qilindi. Shunga koʻra, koʻchaga chiqish imkoniyatimiz cheklandi. Bu tadbirlar oʻzimiz va yaqinlarimizning salomatligi muhofazasi uchun ekanligidan mamnunmiz. El boshiga ish tushgan kunlarda bir-birlarimizga kamarbasta boʻlishlik qanday ham yaxshi fazilat.

Tuman hokimi oʻrinbosarlari va IIB rahbarlari nazorati ostida kun boʻyi amalga oshirilgan“Muruvvat yordami” hududdagi 46ta xonadonga yetib bordi. Bugungacha tumandagi 300 nafar kam taʼminlangan va karantinga olingan fuqarolarga shunday yordam koʻrsatildi.

Shodiyor MUTAHAROV,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?