Eksportga yoʻl olgan Koʻkdala tarvuzlari

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizda xorijiy bozorlarga keng yoʻl ochish, eksportni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Eksportyor korxonalar, mahsulot yetishtiruvchilar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Hududlardan jahon bozorlariga yoʻl olayotgan mahsulotlar turi va salmogʻi yildan yilga oʻsib borayotgani ham ayni haqiqat.
Birgina Qashqadaryo viloyati misolida olsak, oʻtgan yili vohada jami 514,1 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan. Bu 2023-yilga qiyosan olganda 20,2 foizga koʻp deganidir.
Eksportning asosiy qismi hududdagi yirik neft-gaz, kimyo hamda togʻ-kon korxonalari hissasiga toʻgʻri kelishi sir emas. Ammo soʻnggi yillarda jahon bozorlarida Qashqadaryo zaminida yetishtirilgan sarxil meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlarining salmogʻi ortib borayotgani ham ayni haqiqat.
Buni raqamlarda asoslaydigan boʻlsak, 2024-yilda vohadan 65,4 million AQSH dollarilik poliz, meva-sabzavot eksporti amalga oshirilgan.
Eksport qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibida tarvuz asosiy oʻrini egallaydi. Bu bejiz emas, albatta. Soʻnggi yillarda viloyatda ertachi tarvuz yetishtirish ancha ommalashdi. Ayniqsa, ushbu poliz turi Koʻkdala tumani dehqonlarining brend mahsulotlaridan biriga aylanib ulgurdi. Oʻtgan yili hududdan 8,5 million AQSH dollarilik tarvuz xorij bozorlariga chiqarilgan boʻlsa, koʻkdalalik dehqonlar joriy yilning ayni paytiga qadar 12 million AQSH dollarilik tarvuz eksport qilishni uddalashdi. Mavsum davom etayotganini hisobga olsak, bu raqam yanada ortishi aniq.
Hududdagi “Bayramali-Jasurbek” fermer xoʻjaligi aʼzolari ham 2 gektar maydonga tarvuzning “Dolbi – F1” nomli ertapishar turini ekishgan edi. Hosil kutilganidan ham ziyoda boʻldi.
— Yerlarimiz lalmikor, shu bois yer ostidan suv olib, dehqonchilik qilamiz, — deydi fermer Shuhrat Nazarov. — Bu yil yanvar oyi boshidayoq ishga kirishib, kichik issiqxonalarda urugʻlarni undirishni boshlagandik. Keyin ularni dalaga oʻtqazdik. Ob-havo injiqliklaridan himoya qilish uchun maxsus plyonka ostida parvarishladik. Xullas, 3-4 oy tinim bilganimiz yoʻq. May oyining boshidanoq tarvuzlarimiz pishib yetildi. Hosilning asosiy qismini eksport qildik. Mamlakatimizning turli hududlaridan tadbirkorlar kelib olib ketmoqda. Mehnatimizga yarasha, yaxshi daromad oldik.
Viloyatda karam yetishtirish va eksportga chiqarish ham yaxshi oʻzlashtirilgan. Masalan, joriy yilning dastlabki 4 oyida 6,1 ming tona, qiymati esa 2,2 million dollarlik karam eksport qilindi. Ayniqsa, MDH va Yevropa bozorlarida qashqadaryolik mirishkorlar yetishtirgan brokkoli karamning bozori chaqqon.
— Bu mahsulotni yetishtirishda uch yillik tajriba toʻplab ulgurdik, — deydi Qamashi tumanidagi “Nurmanova Xurshida” fermer xoʻjaligi rahbari Sherzod Mahmatmurodov. – Uni oyida ikkinchi ekin sifatida ekib, qish fasliga borib yigʻib olamiz. Oʻtgan yili 30 gektar maydonga brokkoli karam ekkandik. Mahsulotning asosiy qismini xorijga eksport qilishga erishdik. Natijada 4-4,5 milliard soʻm atrofida daromad olishni uddaladik.
Shu bilan birga, dukkakli ekinlar, pomidor, olma, anor, olcha va shu kabi meva-sabzavot mahsulotlarining ham viloyat eksportidagi ulushi ortib bormoqda. Bu hudud iqtisodiyotini yuksaltirish bilan bir qatorda, dehqon-u bogʻbonlar uchun katta imkoniyat yaratadi. Natijada ularning yetishtirilgan mahsulotiga talab ortib, choʻntagi pul koʻrib boraveradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring