Eksponatlar haqida endi smartfoningiz maʼlumot beradi

14:28 18 Oktyabr 2019 Madaniyat
2352 0

Temuriylar tarixi Davlat muzeyining tashkil etilganiga 23 yil toʻldi. Hozirgi kunda uning fondi Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif hamda madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini aks ettirgan noyob eksponatlar arxeologik topilma, noyob qoʻlyozma va toshbosma, numizmatika, meʼmoriy qoplama, tosh, shisha, sopol, metall, chinni, qurol-aslaha, kashtadoʻzlik, zargarlik buyumlari, libos, yogʻoch, geraldika, kartinalar, miniatyura kabi 18 ta kolleksiyaga ega.

— Joriy yilning oktyabr oyi holati boʻyicha muzeyimizga 117 ming kishi tashrif buyurdi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev. — Shu yilning oʻtgan muddati davomida muzeyimiz turli davlatlardan tashrif buyurgan 121 rasmiy delegatsiyani, 19 mingga yaqin chet ellik sayyohlarni qabul qildi. Quvonarlisi, ular soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bunda har yili muzeyimiz fondi bebaho tarixiy eksponatlar hisobiga yanada boyitilayotgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili Qurʼoni Karimning “Katta Langar” nusxasi ham muzey fondiga qabul qilindi. Somoniylar davriga oid hamda Mirzo Ulugʻbek nomi bilan Buxoroda zarb qilingan mis tangalar, joriy yilda Toshkent viloyatidagi Kavardon, Shohruhiya hamda Xos yodgorliklarida olib borilgan arxeologik kuzatuv-qidiruv ishlari natijasida topilgan 33 ta buyum muzey fondidan oʻrin oldi. Bu nodir eksponatlarning har biri buyuk tariximizdan soʻzlaydi.

Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Jumladan, tashrif buyuruvchilar endilikda muzey eksponatlarini smartfon yordamida koʻrishi, ular haqida elektron maʼlumotlar olishi mumkin. Buning uchun oʻzlarini qiziqtirgan eksponatni maxsus dasturga ega smartfon yordamida skanerlashlari kifoya. Shu zahotiyoq oʻsha buyum haqida maʼlumotlar telefon ekranida paydo boʻladi. Muzey maʼlumot beruvchilariga ham ehtiyoj tugʻilmaydi.

Shahzod GʻAFFOROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер