Egasi ming poylasin...

Yaqinda Nurota tumanidagi Soykechar qishlogʻining mol bozorida oʻgʻrilik sodir boʻldi. Nomaʼlum shaxslar qoramol sotgan fuqaroning 22 million soʻm pulini avtomashinasi salonidan oʻmarib ketishdi. “Bolalarga u bu olishga bir hayalga bozorga qaytib kirgandim”, deydi avtomashina salonini agʻdar-toʻntarish qilishdan tinmayotgan jabrlanuvchi haliyam puli yoʻqolganiga ishonmay.
“Egasi ming poylagani bilan, oʻgʻri bir poylasin ekan...” deb shuni aytishadi. Tuman Ichki ishlar boʻlimining tezkor xodimlari bozor parametriga oʻrnatilgan videoqayd etish qurilmalari xotirasini titkilab, hudud uchun begona boʻlgan “Spark” avtomashinasini topishdi. Tasvirlarda avtomashina sohiblarining yuzini tanish imkoni boʻlmasa-da, davlat raqamlari aniq-tiniq qayd etilgan. Tezkor chora-tadbirlar tuzilib, surishtiruv ishlari boshlandi.
Aniqlanishicha, avtomashina oʻsha kuni Fargʻona va Andijonda istiqomat qiluvchi shaxslar tomonidan Toshkent shahridan ijaraga olingan. Bir qator ashyoviy dalillar yordamida aybdorlar aybiga iqror boʻlib qoʻlga olindi. Albatta, bunda videoqayd etish qurilmasidagi qaydlar ayblanuvchilarning Navoiy shahridagi xususiy mehmonxonalarda roʻyxatdan oʻtmay tunashi, ularning yonidan chiqqan Respublikamiz hududidagi bozorlar ish grafigi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.
Axborot va raqamli texnologiyalar yordamida issigʻida ochilayotgan bunday jinoyatlarga minglab misollar keltirish mumkin. Biroq ushbu texnologiyalar afzalliklaridan foydalanib, oʻzlarining qabih niyatlarini amalga oshirayotgan, soddadil minglab fuqarolarimizning moddiy boyliklarini oʻmarayotganlar ham kam emas. Ayniqsa, soʻnggi paytlarda bank plastik kartalaridagi pullarning noqonuniy oʻzlashtirilishi, mablagʻlarning nomaʼlum tarzda yechib olinishi bilan bogʻliq murojaatlar koʻpayotganligi barchada xavotir uygʻotmoqda.
Birgina Navoiy viloyati misolida olsak, joriy yilning 8 oyi davomida jami sodir etilgan jinoyatlarning 38,3 foizi (respublikada 45) yaʼni, umumiy 2838 ta jinoyatdan 1088 tasi virtual muhitda sodir etilgan kiberjinoyatlarni tashkil qilishining guvohi boʻlamiz.
Huquqiy kontekstlarda tez-tez kiberjinoyat deb ataladigan ushbu qonunbuzarlik keng qamrovli zararli harakatlarni oʻz ichiga oladi, — deydi Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi masʼul xodimi Shokir Hazratqulov. — Ular elektron pochta va internetda firibgarlik, raqamli identifikatsiyani oʻgʻirlash, kiber oʻgʻirlik, shu jumladan moliyaviy yoki karta toʻlovlari maʼlumotlarini ruxsatsiz olish, korporativ maʼlumotlarni oʻgʻirlash va qayta sotish, taʼqiqlangan tovarlarni onlayn sotish, shaxsning shaxsiy maʼlumotlarini tarqatish bilan tahdid qilish orqali tovlamachilik kabi oʻndan oshiq yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Bugun viloyat hududida bank plastik kartalaridagi pullarni talon-toroj qilish bilan bogʻliq sodir etilayotgan jinoyatlar salmogʻi kun sayin oshib, aksariyat hollarda fuqarolarimiz oʻzlarining ishonuvchanligi bilan jinoyatchilarga “yordam” berayotganligini ham qayd etishimiz joiz. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra kiberfiribgarlarga bu taxlit “chuv” tushish holatlari Yevropa mamlakatlari va bir qator rivojlangan davlatlarda kamaymoqda. Sababi “Tekin pishloq faqat qopqonda” boʻlishini ular allaqachon anglab yetishgan.
Shu bois sodir etilayotgan kiberjinoyatlar miqyosi va dolzarbligidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 30-apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida Respublika Ichki ishlar vazirligi, banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining har biriga kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining kibermadaniyatini yuksaltirishga qaratilgan barcha zarur choralarni koʻrish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar belgilab berildi.
Jumladan, banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari uchun oʻz kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu asosda banklar tomonidan pul oʻtkazmalarini amalga oshirishda fuqaroning oʻzi tasdiqlangan kodni yuborishi tizimi va boshqa bir qator cheklovlar joriy etildi. Albatta, har biri fuqarolarning pul mablagʻlari va shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishga qaratilgan. Biroq, ishonuvchanlik hamon davom etmoqda.
Masalan, yaqinda Zarafshon shahrilik fuqaro oʻziga tegishli uyini sotib, kiberfiribgarlar “tuzogʻi”ga ilinib qoladi. Firibgarlar fuqaroga oson pul topish yoʻlini taklif etib, uyini sotishdan tushgan 450 million soʻm pulini 30-marta oʻtkazib, har safar pul oʻtkazish operatsiyalari kodlarini olish orqali oʻzlashtirib oladilar. Oʻz mablagʻini qoʻshqoʻllab firibgarlarga topshirayotgan fuqarolarimizdan koʻplab misollar keltirish mumkin.
Bu masalada fuqarolarning pozitsiyasi aniq va tizimli boʻlishi lozim, — deya davom etadi Sh. Hazratqulov. — Sababi firibgarlar tomonidan hozirgi kunda eng ommalashgan kommunikatsiya tarmoqlaridan biri boʻlgan “telegramm” messenjeri orqali turli koʻrinishdagi kiberhujumlar sodir etilmoqda. Ulardan fayl koʻrinishi “.apk” kengaytmali zararli dasturlarni misol qilish mumkin. Birgina “Toʻyga taklifnoma”, “Rasmdagi sizmi”, “Sud qarori” va shu kabi fuqarolarni qiziqtiruvchi turli xil sarlavhalar bilan nomlangan virusli dasturlar orqali aholining aksariyat qismini aldab, shaxsiy maʼlumotlarini egallagan holda bank plastik kartalarida mavjud boʻlgan mablagʻlarni yashirin ravishda talon-taroj qilish holatlari ham tez-tez sodir boʻlmoqda. Afsuski, bunday holatlarda fuqarolarimizning firibgarlar tomonidan ularning turli koʻrinishdagi aldov yoʻlidagi oson pul topish va shohona hayot kechirishdagi vaʼdalariga ishonib, pullarini oʻzlari tanimagan shaxslar ixtiyoriga topshirmoqda.
Endilikda bunday holatlarni oldini olish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan maxsus @navoiycyberbot telegramm boti yaratildi. Mazkur bot, telegram guruhlarga turli profil egalaridan kelayotgan “.apk” formatidagi virusli fayllarni aniqlab, oʻz vaqtida zararsizlantirish choralarini koʻrish bilan bir qatorda, ushbu guruhlarga kibermakondagi tahdidlardan himoya qilish va fuqarolarni kiberjinoyatlarning oqibatlaridan ogohlantirishga qaratilgan targʻibot materiallari bilan tanishtirib boradi. Bugungi axborot texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan davrda, har bir inson axborot xavfsizligiga qatʼiy rioya qilgan holda shaxsiy va bank plastik kartalaridagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslardan sir tutishi lozim. Aks holda elektron hamyonning qulayligidan firibgarlar foydalanishi mumkin.
Temur ESHBOYEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring