Dunyoning yetakchi klinikasida ishlagan oʻzbek shifokori Jizzaxga qaytdi

Yurak sohasidagi jarrohlik operatsiyalari oʻta murakkab va anchayin xavfli. Shu sababli yurtdoshlarimiz yaqin yillargacha bunday muolajalar uchun rivojlangan mamlakatlar klinikalariga borib davolanishga majbur edi.
Endilikda esa bunga hojat yoʻq. Nafaqat poytaxtimiz, balki joylarda ham aorta-koronar shuntlash, yurak klapanlarini almashtirish, orttirilgan va tugʻma yurak nuqsonlarini bartaraf etish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda.
Bunda yuksak bilim va malakaga ega, xorijiy davlatlarda tajriba orttirib qaytgan shifokorlarimizning ham xizmati katta.
Farudun Toʻrayev — shunday mahoratli anesteziolog-reanimatologlardan biri. Hozir 29 yoshda. Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridan. Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan.
2019 — 2021-yillarda Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir kasalliklari jarrohlik markazida kardioanesteziologiya va reanimatsiya yoʻnalishida ordinaturada oʻqigan. Shundan soʻng mazkur markazda ishlab tajriba orttirgan.
— Rossiyadagi faoliyatim davomida yurak-qon tomir tizimidagi deyarli barcha operatsiyalarda ishtirok etdim, — deydi F. Toʻrayev. — Qolaversa, kardioxirurgik amaliyotlarda anesteziya, yaʼni narkoz berishning oʻziga xos usullari, operatsiyadan keyin bemorlarni reanimatsiyada davolash, sunʼiy yurak apparati bilan ishlashni oʻrgandim.
Ana shu davrda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida yangi ochilgan Kardioxirurgiya boʻlimida ishlash taklifi tushdi. Aslida bu sohani tanlashim, qolaversa, xorijda bilim oshirishdan maqsadim xalqimiz salomatligiga koʻproq hissa qoʻshish edi. Shuning uchun hech ikkilanmay, Vatanga qaytdim.
Farudun suhbat davomida Oʻzbekistonda kardioxirurgiya sohasidagi imkoniyatlar Rossiyadagidan kam emasligini, aksincha bu yoʻnalish jadal rivojlanayotganidan toʻlqinlanganini taʼkidlaydi.
— Kardioxirurgiya yuqori texnologik jarayon boʻlgani uchun avvaliga biroz hadik bor edi, — deya soʻzida davom etadi shifokor. — Oʻzbekistonda bunga mos sharoit bormikan, deb oʻylaganim ham rost. Jizzaxdagi birinchi ish kunimdayoq fikrim mutlaqo oʻzgardi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tibbiy texnologiya va jihozlar kutganimdan aʼlo ekan.
Filialda ish boshlaganimdan buyon oʻtgan 6 oydan ziyod vaqt ichida toʻqsondan ortiq operatsiyada ishtirok etdim. Bu yerda ustoz shifokorlar koʻmagida tajribamni yanada oshiryapman. Kelgusida yurtimizda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari kamayishiga oz boʻlsa-da hissam qoʻshilsa, oʻzimni juda baxtiyor sezaman.
Suhbatni SSV Matbuot xizmati uyushtirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring