Dunyoda qizamiqqa chalinish holatlari nega koʻpaymoqda?

12:04 27 Aprel 2023 Dunyo
510 0

Pandemiya Yer yuzi boʻylab immunizatsiya jarayonlarini keskin susaytirib yubordi. Ayniqsa, qatʼiy karantin cheklovlari, qolaversa, tibbiyot muassasalarining haddan ziyod bosim bilan ishlashi tufayli millionlab bolalar yuqumli kasalliklarga qarshi oʻz vaqtida emlanmay qolib ketdi.

Masalan, 2021-yilda jahon boʻyicha 40 million oʻzil-qiz qizamiqning oldini olishga qaratilgan rejali vaksinatsiyadan chetda qolgan. 25 million bola birinchi dozada, 14,7 million nafari esa ikkinchi dozada emlanmagan va bu rekord koʻrsatkichdir.

Mana, oradan maʼlum vaqt oʻtib, ushbu holatlarning salbiy oqibatlari namoyon boʻlmoqda.

Xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi roʻyxatiga kiruvchi davlatlardan 17 tasida 2023-yil boshidan qizamiqqa chalinish koʻrsatkichlari oʻsa boshlagan. Jumladan, fevral oyi soʻngiga kelib, 900 ta shunday holat roʻyxatga olingan va bu 2022-yildagiga nisbatan sezilarli darajada yuqori.

Oʻtgan yili qizamiqqa chalingan eng koʻp bemorlar Tojikiston (610 nafar), Turkiya (466 nafar) va Rossiya (414 nafar)da qayd etildi. Avstriya, Serbiya, Buyuk Britaniyada esa joriy yil boshidan kasallanishlar soni koʻpaymoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, JSST koʻmagida aprel oyi oxirida dunyo boʻylab jahon immunizatsiya haftaligi oʻtkazilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, hozir yurtimizda ham bu tadbir keng qamrovda davom ettirilyapti. Yaʼni joylarda oldini olish mumkin boʻlgan 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi immunizatsiya tadbirlari milliy emlash kalendariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?