Dunyo yoʻllariga tutashgan yoʻllar

15:37 05 Sentyabr 2024 Jamiyat
158 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz taraqqiyoti, yurtimiz yanada obod boʻlishi, aholi turmush farovonligi bevosita avtomobil yoʻllarining ravonligiga bogʻliq, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chekka qishloqlardan tortib markaziy shaharlarimizgacha, qay bir manzilga yoʻl olsangiz, avvalo, unga eltadigan yoʻllarga qarab, bu maskandagi bunyodkorlik ishlariga baho berasiz. Ayniqsa, tadbirkorlar yoki chet ellik investorlar loyihasini amalga oshirishdan oldin, birinchi navbatda, oʻsha hududdagi yoʻlning holati bilan qiziqadi. Yoʻl yaxshi boʻlsagina faoliyatini boshlashga kirishadi.

Prezidentimiz shu yilning 20-avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti davomida “Qoraqalpogʻiston – Yangi Oʻzbekistonning muhim darvozasi”, deya eʼtirof etdi. Qoraqalpogʻistonda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, bu hudud Yevropa bozorlariga chiqish uchun ham qulayligi aytib oʻtildi.

Ha, agar Toshkentdagi ishlab chiqarish korxonasi Nukusda boʻlsa, gʻarb davlatlari bozorlariga mahsulotlarini chiqarishda 1200 kilometr masofa yoʻl qisqarishi, bu yoʻl xarajatlari va vaqtni iqtisod qilishi koʻplab tadbirkor va investorlarning qiziqishini oshirmoqda.

— Respublikamizdan oʻtuvchi A-380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus —Beyneu” avtomobil yoʻlining 964-1204 kilometr oraligʻida rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Umrbek Matnazarov. — Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-martdagi 124-sonli qarori bilan tasdiqlangan mazkur loyihaning umumiy qiymati 383,4 mln dollarni tashkil qiladi. Ushbu yoʻlning Qoʻngʻirot tumani hududidan oʻtuvchi qismida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 240 kilometr avtomobil yoʻlini 2 tasmali asfalt qoplamali yoʻldan 2 tasmali sement-beton qoplamali yoʻlga oʻtkazish nazarda tutilgan.

— Xalqaro ahamiyatdagi yoʻlda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga chet ellik mutaxassislar ham jalb etilganmi?

— Albatta, ushbu yoʻl qurilishida Janubiy Koreya va Italiya davlatlarining maslahat hamda konsorsium kompaniyalari bilan shartnoma qilingan. Qurilishning 1-paketi Turkiyaning pudratchi “Poʻlat yoʻl yapi san ve Tik SA” va Ozarbayjon “Nord Vest Konstrakshin” qoʻshma korxonalari tomonidan olib borilmoqda. Shuningdek, qurilishning 2-paketi Xitoyning pudratchi “China Road and Bridge Corporation” kompaniyasi bilan 2021-yil 3-mayda imzolangan shartnoma asosida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib loyiha asosida A-380 avtomobil yoʻlining belgilangan qismlarida 25 sm qalinlikda sement-beton qoplamasi yotqizilib, ishning 96,68 foizi bajarildi. Qariyb 3-yil davomida olib borilgan qurilish, rekonstruksiya ishlari yaqin kunlarda yakuniga yetkaziladi.

— Qoraqalpogʻiston Respublikasida necha kilometr yoʻl bor va ularni taʼmirlash boʻyicha qanday tadbirlar amalga oshirilmoqda?

— Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 12 ming 318 kilometr yoʻl boʻlib, shundan 4 ming 191 kilometri umumfoydalanuvdagi yoʻllar, 8 ming 128 kilometri ichki yoʻllar hisoblanadi. Joriy yilda 2 ming 308 kilometr yoʻllarni, 27 ta koʻprikni taʼmirlash belgilangan. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 491,8 kilometr umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻli joriy taʼmirlanishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 360,3 km avtomobil yoʻlida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bunga 112, 1 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.

Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrda qabul qilingan “2024 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muvofiq, turli toifadagi 6 ta yoʻl obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bunda xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya va taʼmirlash ishlaridan tashqari koʻprik va yoʻl sohasidagi boshqa inshootlarni qurish ham nazarda tutilgan. Ushbu qaror asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy foydalanishdagi 41 kilometr avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish ishlariga 144,8 mlrd soʻm mablagʻlar ajratilgan.

Joriy yilda A-380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 698-753 km qismini rekonstruksiya qilish ishlari doirasida 50 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, 15 km yoʻl foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, mazkur yoʻlning 25 km qismida qurilish ishlari tez kunlarda boshlanadi.

— Keyingi vaqtlarda yuk tashuvchi avtotransportlar meʼyoridan ortiq yuklar bilan harakatlangani tufayli yoʻllar muddatidan oldin taʼmirtalab ahvolga kelayotgani haqida eʼtirozli fikrlar koʻp tarqalmoqda. Ayting-chi, yoʻllarni sifatli va uzoq muddat saqlash borasida qanday amaliy ishlar qilinmoqda?

— Yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatayotgan boʻlsa kerak, bu borada tizimli ishlar boshlangan. Mavjud va taʼmirlangan yoʻllarni sifatli va uzoq muddat saqlash maqsadida Qoraqalpogʻiston boʻyicha bugungi kunda 5 ta joyda koʻchma va statsionar tarozilar xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻistonda 2 ta joyda, yaʼni A-380 avtomobil yoʻlining 698 va 753 km qismlarida zamonaviy oʻlchov tarozilarini qurish belgilandi. Eʼtiborlisi, mazkur tarozilar inson omilisiz yuk avtomobillarini harakat davrida ularning vazn va hajm parametrlarini avtomatik ravishda “WIM” tizimi orqali aniqlash imkoniyati yaratiladi. Hozirda ushbu punktlarda qurilish ishlari yakunlovchi bosqichda boʻlib, tez kunda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Bu tarozilar, oʻz navbatida, yoʻllarning uzoq muddat xizmat qilishiga zamin yaratadi. Sababi yoʻllarimizning koʻpchiligi, yaʼni 90 foizi har oʻqqa 7 tonna, 10 tonna moʻljallangan boʻlib, haqiqatda bugungi kunda yuk tashuvchi avtotransportlar har oʻqiga 20-25 tonnagacha yuk ortib harakatlanayotgani tufayli yoʻllarimiz muddatidan oldin taʼmirtalab ahvolga kelib qolayotgani sir emas.

Bundan tashqari, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida joriy yilda 3662 ta yoʻl belgilari oʻrnatildi. 1 368 km asfalt qoplamasiga yoʻl chiziqlari chizildi.

Ha, Qoraqalpogʻistonda yoʻl qurilishi sohasidagi oʻzgarishlar katta. Xalqaro va respublika ahamiyatidagi yoʻllarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, yoʻllarning yildan-yilga ravon va sifatli boʻlayotgani nafaqat yurtdoshlarimiz, balki mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻistonning ravon yoʻllari dunyo yoʻllariga tutashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?