Doʻstlik va birdamlik ayyomi
Navroʻz — asrlar osha qadrlanib kelayotgan milliy bayramimiz sifatida yangilanish va poklanish ramzidir. Bu kunda odamlar bir-biriga ezgu tilaklar bildiradi, araz-adovatlar unutilib, qalblar yaqinlashadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar ham ana shunday ezgu qadriyatlarni targʻib etishda muhim oʻrin tutmoqda. Xususan, qozoq milliy-madaniy markazi tomonidan oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Navroʻz arafasida tashkil etilayotgan madaniy dasturlar, milliy urf-odat va anʼanalar namoyishi, turli millat vakillarining bir sahnada jam boʻlishi — yurtimizdagi tinchlik va totuvlik muhitining yorqin ifodasidir.
— Markazimiz 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlab kelmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qozoq milliy-madaniy markazi raisi Asqar Umbetayev. — Markaz tomonidan milliy qadriyatlarning ajralmas qismi boʻlgan bayram va anʼanalarni keng nishonlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Qozoq xalqining qadimiy va mazmun-mohiyatga boy bayramlaridan biri “Koʻrishuv kuni” ham keng nishonlandi. Tarixiy manbalarga koʻra, qozoq xalqi qadimdan koʻchmanchi hayot tarzini kechirgan va ular uchun qish mavsumi eng ogʻir davr hisoblangan. Bahor kelib tabiat uygʻona boshlagan pallada, yaʼni mart oyining 13-sanasidan keyin yangi hayot bosqichi boshlangani eʼtirof etilgan. Shu kun “qish toʻqsonning tugashi”, “yangi fasl boshlanishi” sifatida nishonlangan.
Qoraqalpogʻistonda qariyb 300 ming nafar qozoq millati vakillari istiqomat qiladi. Ularning farzandlari ona tilida taʼlim olishi uchun Nukus shahri hamda Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Taxiatosh, Beruniy, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Shumanay va Moʻynoq tumanlaridagi 150 dan ortiq maktablarda 20 mingdan ziyod oʻquvchi uchun qozoq tilida taʼlim berilayotgani alohida eʼtiborga molik. Nukusdagi oliy taʼlim muassasalarida qozoq tili va adabiyoti boʻyicha kadrlar tayyorlanib, har yili yuzlab yosh mutaxassislar sohada faoliyat boshlamoqda.
Mamlakatimizda hamdoʻstlikni mustahkamlash va milliy qadriyatlarga qaratilayotgan eʼtibor, amaliy ishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bugungi kunda hududdagi beshta milliy-madaniy markaz uchun “Doʻstlik uyi” nomi bilan alohida zamonaviy uch qavatli bino ajratilib, ular davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Markazlarni saqlash xarajatlari, kommunal toʻlovlar va xodimlar ish haqining bir qismi byudjet subsidiyalari orqali qoplab berilayotgani esa bu boradagi amaliy eʼtiborning yaqqol namunasidir. Navroʻz arafasida Qoraqalpogʻistondagi qozoq milliy-madaniy markazida oʻtkazilayotgan bayram dasturlari xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring