“Dominion” jamoasi Iordaniyadagi xalqaro olimpiadada faxrli oʻrinni egalladi

12:29 22 May 2025 Jamiyat
66 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yaqinda Iordaniya poytaxti – Amman shahridagi ASU universitetida ingliz tili fanidan “English Language Olympiad (ELO)” xalqaro fan olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi tarixiy natijalarni qoʻlga kiritdi.

Unda 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan 130 ta jamoa orasida Fargʻona shahridagi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilaridan tashkil topgan “Dominion” jamoasi ham munosib ishtirok etdi.

Aytish joiz, ushbu olimpiada finaliga “Dominion” jamoasi respublika bosqichida faxrli 1-oʻrinni egallagan holda yoʻl olgan edi. Shu tariqa jamoa Fargʻona shahridagi Prezident maktabining ingliz tili fani oʻqituvchisi Husnora Poʻlatova yetakchiligi olimpiadaga jiddiy tayyorgarlik koʻrdi.

— Xalqaro musobaqaga hozirlik jarayonida oʻquvchilarimizning bilim va amaliy koʻnikmasi yanada yuksaldi, — deydi Husnora Poʻlatova. —Intilishlarimiz oʻz samarasini berib, jamoamiz faxrli 3-oʻrinni egalladi. Qatnashchilar beshta – sahna koʻrinishi, test, loyiha taqdimoti, volontyorlik hamda jamoada ishlash shartlari boʻyicha oʻzaro bahslashdi. Jamoamiz “Uzbek Spirit” mavzusida tayyorlagan chiqishida oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini ingliz tilida zamonaviy usulda namoyish etdi. Bu chiqish hakamlar hayʼati tomonidan alohida eʼtirof etildi.

— Iordaniya poytaxtida joylashgan ASU universiteti binolarida “Al-Xorazmiy” va “Ibn Sino” ismlari yozilgan lavhalarni koʻrgan behad gʻururlandim, — deydi Fargʻona shahridagi Prezident maktabining 9-sinf oʻquvchisi Oynura Bahodirova. — Buyuk allomalarimizning nomi dunyoning nufuzli universiteti binosi peshtoqiga yozib qoʻyilgani bu ikki olimning ilmiy merosiga yuksak hurmat ramzidir.

Shuningdek, tanlov doirasida “Dominion” jamoasi boshqa mamlakatlardan kelgan tengdoshlariga milliy oʻyinlarimizni oʻrgatishdi. Xususan, “Oq terakmi, koʻk terak?” kabi milliy oʻyinlarimizni oʻrganish dunyo yoshlariga ham manzur boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?