Deputatingiz faoliyatidan xabardormisiz?
Bugun mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatidan koʻpchilik bexabar desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. YouTube platformasi orqali viloyat Kengashlari sessiyalarining on-layn yoritilishini aytmasak, saylovchilar oʻz deputati harakatlarini kuzatish imkoniyatiga ega emas. “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi guruhlarda ham ularning saʼy-harakatlari quruq xronikadan iborat boʻlib qolmoqda.
Shu bois Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyati hududiy boʻlinmasi tomonidan xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi bilan hamkorlikda “Mahalliy Kengashlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida seminar tashkil etilib, unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda tizimli, ochiq va samarali yoritish, aholi bilan onlayn muloqotni kuchaytirish hamda jamoatchilik fikrini shakllantirishda raqamli platformalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga eʼtibor qaratildi.
— Bugun Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish shunchaki texnik jarayon emas, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi masofani qisqartirishga qaratilgan strategik islohotdir, — deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari Abdulla Roʻziqulov. — Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijro hokimiyati bilan bir qatorda, vakillik organlari — mahalliy Kengashlar oldiga ham mutlaqo yangi vazifalarni qoʻymoqda. Shu bois seminarda biz asosiy eʼtiborni mahalliy kengashlar va deputatlar faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yaʼni raqamli platformalar orqali tizimli tashkil etishga qaratdik.
Nima uchun bu muhim? Chunki bugungi saylovchi — raqamli avlod vakili. U deputatning ishini eskicha usulda emas, balki Telegram, Instagramda qisqa, aniq yoki YouTubedagi toʻgʻridan-toʻgʻri jonli videolarda koʻrishni istaydi. Bizning tahlillarimiz shuni koʻrsatdiki, 2026-yilga kelib aholining ijtimoiy-siyosiy ongi shu darajaga yetdiki, endi “rejalar tuzildi” degan balandparvoz gaplar ishlamaydi. Endi “mana muammo, mana yechim va mana natija” degan zanjir kerak.

Maqsadimiz aniq: deputat — ekran ortidagi rasmiy shaxs emas, balki har bir fuqaroning muammosiga tezkor yechim topuvchi va uni yechimini topishda hal etuvchi “intellektual koʻprik” boʻlishi shart.
Xalq bilan muloqotning raqamli transformatsiyasi — bu shaffoflik, adolat va ijtimoiy barqarorlikning eng mustahkam kafolatidir.
Tadbirda mahalliy Kengashlar faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishning amaldagi holati, mavjud muammolar va kamchiliklar, shuningdek, ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy maʼlumotlar taqdim etildi.
Ishtirokchilar tomonidan mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatini yoritishda kontentni rejalashtirish, axborotni sodda va tushunarli shaklda taqdim etish, foto va videomateriallardan samarali foydalanish hamda ijobiy imijni shakllantirish masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Seminar yakunida mahalliy Kengashlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini takomillashtirish, axborot almashinuvini kuchaytirish va aholi ishonchini oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring