Daromad keltirayotgan chiqindi

Keyingi yillarda butun dunyoda chiqindilarni qayta ishlatish masalasi keskinlashdi. Poligonlar aql bovar qilmaydigan darajada oʻsib bormoqda. Hamma narsa arzon plastmassa, qogʻoz, shisha idishlarga qadoqlangan, uni ishlab chiqarish oʻsib bormoqda. Isteʼmolchilar tezda eski narsalarni tashlab, yangilarini sotib olishga majbur. Chiqindilarni boshqarish masalasi Samarqand shahridagi tarixiy obidalar joylashgan hududlarda ham ancha muammo boʻlib kelayotgandi. Aholi xonadonlari tor, boshi berk koʻchalarda joylashgan. Katta hajmdagi yuk tashuvchi mashinalar mahallalarning ichki koʻchalariga sigʻmaydi. Bu chiqindini oʻz vaqtida tashib chiqarishda qiyinchilik tugʻdiradi. Oqibatda aholidan koʻp shikoyatlar tushardi.
Davlat rahbari mazkur sohadagi mavjud muammolarga bagʻishlangan yigʻilishda hududlarimizda ekologik toza hayotni taʼminlash uchun yengil va qulay boʻlgan zamonaviy elektromotorellerlardan foydalanish zarurligini tavsiya qilgandi. Shu tariqa Samarqand shahrida ilk tajriba sifatida chiqindilarni zamonaviy elektromotorollerlar yordamida tashish yoʻlga qoʻyildi.
Samarqand shahridagi “El Xolding” MCHJ ham yoqilgʻi, ham elektr quvvatida harakatlanuvchi 20 ta maxsus chiqindi tashishga moslashtirilgan motorellerlar ishlab chiqardi. Ayni paytda ular shaharning 20 ga yaqin tarixiy obidalari joylashgan mahallalarni chiqindilardan tozalab, sanitar ahvolini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Mazkur elektromotorollerlarning har biri kuniga ikki martadan 3-3,5 kub yaʼni, 9-10 tonna miqdorida maishiy chiqindilarni qayta yuklash shoxobchasiga tashib chiqarmoqda. Tejamkor motorollerlarda uch kunda bir marta quvvatlantirish orqali 200 kilometr masofani bosib oʻtish mumkin. Agar sinov muvaffaqiyatli yakunlansa, 140 nafar ishsizlar ish bilan taʼminlanadi.
– Hozircha transportlarimiz Qoʻshhovuz, Urgut kabi mahallalarda sinovdan oʻtkazilmoqda, – deydi “Maroqand obod” davlat muassasasi direktori oʻrinbosari Shohboz Nurboyev. – Motorollerlar koʻchalarni chiqindilardan tozalab boʻlgach, har bir mahalla hududida joylashgan qayta yuklash punktiga kelgan katta yuk mashinalariga ortilib, markaziy chiqindi poligoniga joʻnatiladi.
Sohadagi asosiy muammo chiqindilarni qayta ishlash bilan bogʻliq. Bugun respublikamizda faoliyat yuritayotgan 270 ta chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar tomonidan bir oyda yigʻilgan 14 million tonna chiqindining 5,2 foizigina qayta ishlanadi, xolos. Ana shu yoʻnalishdagi ishlarni kengaytirish maqsadida Samarqand shahrining Soʻlim qoʻrgʻoni hududida 15 gektar maydonda chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi korxona qurilmoqda.
“Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos keluvchi mazkur zamonaviy loyiha Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
– Kelgusi yilda ishga tushishi rejalashtirilgan korxonamiz hozircha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi, – deydi “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi qurilish boʻyicha bosh direktori Yu.Jeng.– Ayni paytda 20 dan ziyod maxsus texnika, yuzdan ziyod ishchilar mehnat qilmoqda.
Ushbu loyiha asosida kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 150 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan loyihaga 150 million dollar miqdorida investitsiya jalb etilgan.
Kattaqoʻrgʻondagi “Anvarjon Biznes invest” MCHJ, “Mansurbek qoʻrgʻon servis” MCHJ sanitar tozalash korxonalari bu yoʻnalishda 10-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Mazkur korxonalar Kattaqoʻrgʻon shahridan tashqari Kattaqoʻrgʻon, Narpay va Paxtachi tumanlari hududlaridagi 200 dan ortiq mahallalarda yashovchi 700 mingga yaqin aholiga sanitar tozalash xizmatini koʻrsatadi. Hududlarda tashkil etilgan 28 ta chiqindi saralovchi shoxobchalarda jamlanib, soʻngra qayta ishlovchi korxonaga joʻnatiladi. Buning uchun 90 ta turli maxsus texnikalar jalb qilingan. Ular toʻliq GPS – onlayn tizimiga ulangan. Korxona ishchilari tomonidan bir kunda 280 tonna chiqindi olib chiqilib, shuning 20 tonnasi qayta ishlanadi.
Joriy yilda 50 ming 400 tonna olib chiqilgan chiqindining 3 ming 600 tonnasi qayta ishlanib, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamkor korxonalarga joʻnatilgan. Ulardan elektr kabel va jihozlari, karniz, plintus, shuningdek, plitka qoplamalar uchun turli boʻyoqlar ishlab chiqarilmoqda.
– Bugungi kunda korxonamizga qarashli 8 ta minizavodda plastik, polimer, metall, shisha, rezina, karton-qogʻoz kabi 13 turdagi chiqindini qayta ishlash yoʻlga qoʻyilgan, – deydi tadbirkor ayol Gulmira Jumayeva. – Fargʻona, Jizzax, Toshkent shahri va viloyatidagi bir qator qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xom ashyo bilan taʼminlashga erishdik. Korxonamizda modernizatsiya ishlarini amalga oshirish maqsadida yangi qurilayotgan binoga oʻrnatish uchun Xitoydan 3,5 milliard soʻmlik yangi zamonaviy asbob-uskunalar olib keldik. Korxonalarda mehnat qilayotgan 426 nafar ishchining 120 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj daftarlarga kiritilgan aholi vakillari, 30 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar ham ish bilan taʼminlangan.
Tadbirkor oʻz faoliyatini kengaytirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham “Eko-Shыmkent” chiqindi saralovchi korxonasini tashkil etdi. Mazkur korxona toʻliq ishga tushirilsa, oʻnlab mahalliy aholi vakillari ham yangi ish oʻrni bilan taʼminlanadi. Chiqindini qayta ishlash imkoniyati yanada kengayadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring