COVID-19: Yevropa yana karantinga qaytadimi?

14:19 20 Iyul 2022 Dunyo
397 0

Foto: Illustrativ foto

Bugun “koʻhna qitʼa” yana koronavirus girdobida. Pandemiyaning yangi toʻlqini mintaqada epidemiologik vaziyatni takror izdan chiqara boshlagan. Bu yerda «omikron»ning yangi mutatsiyalari keng tarqalmoqda.

Shu munosabat bilan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi rahbari Xans Klyuge ushbu hududda joylashgan mamlakatlar aholisi va hukumatlariga murojaat bilan chiqdi.

Unda qayd etilishicha, mintaqada soʻnggi olti hafta ichida COVID-19 bilan kasallanish holatlari uch baravar, shifoxonaga yotqizilganlar esa ikki baravar oshgan.

Bemorlar soni asosan keksa yoshli insonlar hisobiga oʻsishda davom etyapti. Eng yomoni, xastalik oqibatida har haftada 3 mingga yaqin kishi hayotdan koʻz yummoqda.

«Xavotirli jihati, bolalar yozgi taʼtildan qaytib, oʻqish mavsumi boshlangach, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, — deydi X.Klyuge. — Ammo kuz kelishini kutib, zarur chora-tadbirlarni ortga sursak, epidemiologik vaziyat butunlay izdan chiqishi hech gap emas».

Shundan kelib chiqqan holda JSSTning Yevropa byurosi kuz-qish mavsumi uchun harakatlar strategiyasini taqdim etdi.

Unda belgilangan dastlabki chora-tadbir emlash qamrovini oshirishni koʻzda tutadi.

Xususan, besh va undan katta yoshdagi immuniteti zaif kishilar hamda xavf guruhiga mansub aholi qatlamiga koronavirusga qarshi vaksinaning oxirgi bosqichidan uch oy oʻtgach, ikkinchi kuchaytiruvchi dozani qoʻllash tavsiya etilgan.

Bino va inshootlar ichkarisida hamda jamoat transportida niqob taqishni ragʻbatlantirish lozim.

Aholi gavjum joylar (maktablar, idoralar, jamoat transporti) ventilyatsiya tizimi bilan taʼminlanishi kerak.

Kasallikning ogʻir bosqichini boshdan kechirish xavfi ostida boʻlganlar uchun qatʼiy terapevtik protokollar oʻrnatish zarur.

Xans Klyuge koronavirusning yangi mutatsiyalari avvalroq kasallikni boshdan oʻtkazganlarga ham yuqishi mumkinligi va uning oqibatlari davomli boʻlishidan ogohlantirdi.

“Masalan, birgina Buyuk Britaniyada ikki million nafarga yaqin kishi, yaʼni mamlakat aholisining uch foizi hozir COVID-19 asoratlaridan aziyat chekmoqda” — deydi mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?