Chortoqlik oʻquvchilar “Obi dron” nomli uchuvchisiz qurilma yaratdi

11:15 04 Mart 2026 Jamiyat
234 0

Chortoq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari informatika fani oʻqituvchisi Jahongir Nurmamatov rahbarligida “Obi dron” nomli uchuvchisiz uchish qurilmasini yaratishdi.

Toʻrt oy davom etgan izlanishlar natijasida ishlab chiqilgan mazkur apparat 3D-printerda tayyorlangan mustahkam rama asosida yigʻilgan. U toʻrtta elektr motor, parraklar, elektron boshqaruv elementlari va quvvat tizimi bilan jihozlangan boʻlib, 700 metr balandlikkacha koʻtarilish imkoniyatiga ega.

Dronning boshqaruv tizimiga Arduino Nano mikrokontroller platasi oʻrnatilgan. Barqaror parvozni taʼminlash maqsadida MPU-6050 sensori integratsiya qilingan. Qurilmani masofadan boshqarish maxsus pult orqali amalga oshiriladi.

— Ayni vaqtda qurilmani yanada takomillashtirish, xususan, yuqori aniqlikdagi kamera oʻrnatish va kontur xaritalarni dasturiy taʼminotga joriy etish ustida ish olib boryapmiz, — deydi ixtiro mualliflaridan biri, 11-sinf oʻquvchisi Ziyobek Abdumajidov. — Bu orqali qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini masofadan kuzatish, ekin holatini tahlil qilish, sugʻorish jarayonlarini monitoring qilish hamda resurslardan tejamkor foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda dehqonlar amaldagi sugʻorish texnologiyasida suvni asosan kichik maydonlarga bir xil tarzda tarqatish orqali oqizishadi. Oʻquvchilar yaratgan “elektron mirob” esa 100 gektarga yaqin paykallarni nazorat qilib, qaysi hududga suv zarurligini, qaysi yerda ortiqcha namlanish yuzaga kelishi mumkinligini aniq koʻrsatib beradi. Bu esa suv resurslaridan yanada tejamkor foydalanish imkonini yaratadi.

Innovator yoshlar oʻz qurilmasini yaqin vaqt ichida yanada takomillashtirib, toʻliq sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер