Choʻmilish halokatga olib kelmasin

15:43 16 Iyun 2025 Jamiyat
292 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yozning jazirama kunlarida koʻpchilik salqin joylarga borishni yoki suv havzalarida choʻmilishni xohlaydi. Ayniqsa, maktab taʼtili boshlanishi bilan daryolar, koʻllar va suv omborlari boʻyida bolalar va oʻsmirlar koʻpayib bormoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi ikki yil ichida Samarqand viloyatida 41 holatda 50 dan ortiq kishi ochiq suv havzalarida suzish paytida choʻkib ketgan. Buning asosiy sababi esa choʻmilish mumkin boʻlgan suv havzalarining yetishmasligi yoki taqiqlangan joylarda choʻmilish va xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslikdir.

Yaqinda Paxtachi tumanida bir kunda uchta bola suvga choʻkib halok boʻldi. 6-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchilari A.S. va N.M. choʻmilish maqsadida fermer dalasidagi hovuzga borgan. Choʻmilish jarayonida ular hovuzga choʻkib ketgan. Tumandagi 32-umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi B.N. ariqqa choʻkib vafot etgan.

Suvda choʻkish bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda, umuman, Samarqanddagi suv havzalarining bugungi holati talabga javob beradimi?

— Viloyatda 35 ta choʻmilish suv havzasi roʻyxatdan oʻtgan, — deydi Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi Begzod Nazarov. — Bugungi kunda maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi tarkibida qutqaruv gʻavvoslar brigadasi mavjud boʻlib, ularda 10 nafardan ziyod gʻavvos faoliyat olib bormoqda. Suvda qutqarish ishlarini amalga oshirish boʻyicha barcha texnika va asbob-anjomlar mavjud va shay holatga keltirilgan. Suvda fojiali holatlarning oldini olish maqsadida jamoatchilik oʻrtasida tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.

Suvga choʻkish holatlarning aksariyati suv harorati doimiy past va oqim tez boʻlgan choʻmilish ruxsat etilmagan joylarda qayd etilgan. Bunday joylarga Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari, Kattaqoʻrgʻon, Oqdaryo, Toʻsinsoy, Qorasuv va Qoratepa suv omborlari, Dargʻom, Bulungʻur, Shaxob, Xatirchi-Miyonkol, Tuyatortar, Mirzaariq, Kattaqoʻrgʻon suv omboriga kirish va chiqish, Narpay va Siyob kanallari kiradi.

Mazkur suv obyektlari qishloq xoʻjaligida melioratsiya tadbirlari uchun suv yetkazib berish maqsadida barpo etilgan. Suvning gigiyenik holati talabga javob bermaydi, oqim juda tez, baʼzi joylarda keskin, chuqurlik tik va botiq, suv osti notekis va nomaʼlum, koʻrish darajasi juda past, qirgʻoqlari beqaror, eng yomoni, yordam berishga shay turadigan qutqaruvchilar yoki qutqaruv asbob-anjomlari bilan jihozlanmagan.

Bunday joylarda suzish qatʼiyan man etiladi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер