Chodakda Shveysariya manzaralari
Namangandan Toshkentga boradigan katta yoʻlning biqinida Qamchiq dovoniga yetmay turib, Fargʻona vodiysining eng goʻzal goʻshalaridan biri Chodak qishlogʻi boshlanadi. U sersuv, toza havo va toshqin suv keltiruvchi betakror soy yoqasida joylashgan. Atrofi esa togʻlar bilan oʻralgan gʻoyat soʻlim va xushhavo makon.
Tarixi yaqin 4,5 ming yilga borib taqaladigan Chodak oʻzining betakror tabiati, qiru togʻlari va soyu jilgʻalari bilan azaldan minglab sayyohlarni oʻziga tortib kelgan. Soʻnggi yillarda qishloqning turizm salohiyatini yana-da yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri boʻlgan kemping, kottej va oʻtovlar majmuasini oʻz ichiga olgan zamonaviy turizm maskani «Rasputin agro servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan roʻyobga chiqarilayotir. Chodaksoy boʻyidagi bir gektarlik maydonda barpo etilayotgan dam olish maskanining oʻziga xosligi shundaki, bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun bir vaqtning oʻzida uch yoʻnalishda xizmat koʻrsatiladi.

Ayni paytda fin uslubida har biri ikki oʻrinli, barcha qulayliklar mavjud uchta kemping qurib bitkazildi. Bundan tashqari 7 ta ikki qavatli kottej tipidagi mehmon uylariga ham poydevor qoʻyildi. Shuningdek, soy boʻyidagi boʻsh maydonga 10 ta oʻtov qoʻyish, mahalliy oʻziga xos taomlarni taklif etuvchi tematik oshxona barpo etish ishlari boshlangan.
— Harakatlarimiz zamirida Chodakni rivojlantirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash, qishlogʻimiz mehmonlari uchun qulay sharoitlar yaratish va shu birga aholini ish bilan taʼminlash maqsadi mujassamlashgan, - deydi sayyohlik maskani rahbari Rahimjon Qoʻldoshev.
Mazkur turizm maskanining oʻziga xos tomoni shundaki, u Chodak qishlogʻidagi diqqatga sazovor manzillarning oʻrtasida joylashgan. Bu yerga kelguncha masofada qadimiy Chodak masjidi va Ismoil Atoyi maqbarasini koʻrishingiz mumkin. Dam olish maskanidan yuqoriga qarab biroz yurilsa, Chirchir momo ziyoratgohi, Bobo Yusufi Hamadoniy qadamjosiga koʻzingiz tushadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring