Chin doʻst haqida hayotiy hikoya

18:22 06 Dekabr 2021 Jamiyat
3553 0

Mahmudning bolaligi internatda kechdi. Buxoro tumani markazidagi 1 maktabda oʻqidi. Sinfdoshi Murodjon bilan doʻstlashdi. Oralaridan qil ham oʻtmasdi.

Gʻirt yetim oʻsgan Mahmudni keyinchalik oʻrtogʻi uyiga boshlab keldi. Murodjonning ota-onasi uni oʻz farzandlaridek qabul qilishdi. Yigitcha shu oilada yashay boshladi. Maktabni tugatgach, Mahmud Samarqand davlat tibbiyot institutiga, Murodjon esa Toshkent davlat universitetiga oʻqishga kirdi.

— Oʻshanda puldan qiynalib qolgan kunlarim edi, — deya talabalik yillarini eslaydi Mahmud Ahmedov. — Kutilmaganda doʻstim Murodjon yotoqxonamizga kirib kelsa boʻladimi? Hayron qolganimni sezib, “Onamning tushlariga kiribsan. Menga qoʻngʻiroq qildilar. Samarqandga borib, doʻstingdan xabar ol”, deya tayinladilar”, dedi .Keyin choʻntagimda sariq chaqa ham yoʻqligini bilgach, oyogʻidagi yap-yangi tuflisini yechdi-da talabalar gavjum yerga qoʻydi. Doʻstim poyabzaliga oʻsha paytning puli bilan 30 soʻm narx belgiladi. Bu pulga unma-muncha talabaning tuflini sotib olishi mushkul edi. Shunga qaramay, ikki xaridor chiqdi. Ammo narxini “Qimmat” deyishdi.

Shunda Murodjon “Oshnolar, koʻrib turibsizlar, oyoqyalang turibman. Lekin doʻstimga yordam qilmasam boʻlmaydi”, deydi. Buni qarangki, ikkala xaridor talaba oʻzaro maslahatlashib, 15 soʻmdan pul yigʻishadi va tuflini sotib oladilar.

Murodjon pulning 20 soʻmini Mahmudga beradi. Qolgan pulga doʻkondan oʻzi uchun arzon-garov tufli sotib oladi. Soʻng Toshkentga joʻnab ketadi.

— Oradan yillar oʻtdi, — deya davom etadi Mahmud Ahmedov. — Doʻstim va uning oilasi menga tayanch boʻlgani tufayli hayotdan oʻz oʻrnimni topdim. Buning uchun men ulardan bir umr minnatdorman.

Aytmoqchi, Mahmud Ahmedov uzoq yillar el-yurt salomatligi yoʻlida mehnat qildi. Tibbiyot fanlari nomzodi sanalgan bu inson ayni damda mehnat faxriysi. Uning qiyomatli doʻsti Murodjon Barakayev esa tumanda turli rahbarlik lavozimlarida halol ishlab, el ichida obroʻ-eʼtibor topdi.

Bugun yon-atrofimizga boqib, yaxshilikni sogʻingan odamlarni koʻrganimizda, mehr-oqibat, hech bir taʼmasiz muruvvat qilishdek ezguliklar oʻrnini mol-dunyo, hashamat va allaqanday juda mayda orzulardan iborat ochkoʻzlik egallagan holatlarga duch kelganimizda, Murodjon va Mahmud aka kabi katta harflar bilan yoziladigan INSONlar oramizda koʻpayishini ich-ichimizdan istaymiz. Shunday emasmi?

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?