Chegirmadagi mahsulotlar isteʼmolga yaroqlimi?

17:02 26 Iyun 2025 Jamiyat
179 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Har yili yozda minglab odamlar yaroqsiz oziq-ovqatlar bilan zaharlanadi. Bozorlarda sotuvchilarning oʻzi koʻpincha savdoning asosiy qoidalarini buzadi. Ular oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashning harorat rejimiga amal qilmaydi. Mahsulotlarning sifati va kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatga ega emas. Aksariyati sanitariya kiyimlari va tibbiy maʼlumotnomalarsiz ishlaydi. Ayniqsa, savdo hududlarni bogʻlab turgan avtomobil yoʻllari yaqinida boʻlsa, oziq-ovqatlarga avtomobillardan chiqqan changlar va chiqindi gazlar oʻrnashib qoladi. Bular gazli ichimliklar yoki oʻsimlik moyi ishlatilgan bir martalik plastik butilkalarda saqlanadi. Sabzavotlar savat oʻrnida selofan qoplarda saqlanadi, muddati oʻtgan mevalar atrofida har xil hasharotlar uchib yuradi. Bu mahsulotlarning sifati uchun hech kim javobgar emas. Ammo xaridorlar pulni tejash uchun sotib olgan bir zumlik yegulik yoki qoʻlbola salqin ichimliklar sogʻligʻi va hamyoniga qanchalik zarar keltirishi haqida oʻylamaydi. Achinarlisi, ovqatdan zaharlangan odam kasalxonaga yotqizilsa, u yoʻl yaqinida unga ovqat yoki ichimlik sotgan sotuvchining aybini isbotlay olmaydi. Chunki sotib olayotganda yaroqlilik muddatiga eʼtibor bermaydi, sotuvchilar hamma narsa yangiligiga ishontiradi, ammo buning javobgarligini boʻyniga oladigan savdo chekini bermaydi.

— Buzilgan oziq-ovqatlar toksinlar va zaharlarni chiqaradi, bakteriyalar koʻpayadi, — deydi Fargʻona viloyati sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ovqatlanish gigiyenasi boʻlimi mutaxassisi Komiljon Teshaboyev. — Joriy yilda mutaxassislarimiz tomonidan dehqon bozorlarida 130 kg oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolga yaroqsizligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda savdodan olinib tashlandi. Yurtimizda yaroqsiz mahsulotlarni sotish taʼqiqlangan. Buning uchun hatto qonunimizda javobgarlik belgilangan. Lekin insofsiz sotuvchilar yuzlab kilogramm buzilgan oziq-ovqatlarni doʻkonlar, omborlarda saqlab oʻtiraveradi. Daromadni yoʻqotmaslik uchun yorliqlarni yangi sana bilan belgilaydi yoki shunchaki qadoq etiketkasining orqasida chegirma deb qoʻyadi. Isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlarning 90 foizi shunday sotiladi. Baʼzan mutaxassislarimiz bu holatni aniqlaganda, uni olib tashlashdan bosh tortishadi. Oltiariq, Oʻzbekiston va Beshariq dehqon bozorlarida qatʼiy nazorat tadbirlari oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Xususan, Beshariqdagi dehqon bozorida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida sotuvchilarga tozalik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi boʻyicha tushunchalar berildi. Oltiariq tuman dehqon bozorida sanitariya tartiblari buzilishi holatiga barham berish maqsadida savdo rastalarida tozalash ishlari amalga oshirildi. Sotuvchilar oʻrtasida tushuntirish-targʻibot tadbirlari tashkil etilib, bu boradagi meʼyor va talablar tushuntirildi.

Muddati oʻtgan, issiq havoda tez buziluvchi mahsulotlar savdosining oldini olish boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga maʼlum talablar qoʻyilishi tushuntirib oʻtilyapti. Gigiyena qoidalariga rioya qilish, maxsus kiyimlarda faoliyat olib borish, oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtish va xavfsiz savdo qoidalari haqida tavsiyalar berilmoqda. Ammo uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya meʼyorlariga toʻliq rioya qilinmayapti. Yaqinda Fargʻona shahar sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini asrash boʻlimi mutaxassislari tomonidan aholi xonadonlarida olib borilgan nazorat tadbirlarida nomaʼlum sharoitda tayyorlangan 60 litr konserva mahsulotlari toʻkish yoʻli bilan yoʻq qilindi. Markaziy dehqon bozori, savdo majmualari hamda aholi gavjum hududlarda sotuvga chiqarilgan qoʻlbola salqin ichimliklar savdosiga ham barham berildi.

— Mutaxassislarimiz tomonidan Qoʻqondagi “Qoʻqon Rohat” bolalar sogʻlomlashtirish hamda Quvasoydagi “Vodiy gavhari” oromgohida belgilangan tartibda oʻrganish ishlari olib borildi, — deydi K. Teshaboyev. — Shu tariqa bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganish asnosida oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilish, oshxona va yuvinish xonalarini sanitariya talablariga muvofiq tarzda faoliyat yuritishi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Taʼtil davrida bolajonlarimizni turli kasalliklardan asrash masalasi soha xodimlarining doimiy ustuvor vazifalari sirasiga kiritilgan.

Oʻz haq-huquqini bilgan isteʼmolchilar albatta, koʻchami, doʻkonmi yoki bozormi, xarid qilayotgan mahsulotlarining yaroqlilik muddatiga eʼtibor beradi. Bolalar-chi?.. Koʻcha yoki bozorlarda sotilmaydigan yaroqsiz mahsulotlarni bolalarga internet orqali sotilayotgan holatlari ham uchramoqda. Yaʼni bozorda sotilishi cheklangan mahsulotlar huquqbuzar savdogarlar tomonidan odamlarga qayta sotilmoqda. Qayta-qayta sotilgan mahsulotni xarid qilgan isteʼmolchini zaharlanmasligiga kim kafolat beradi? Muddati oʻtgan har bir mahsulotni isteʼmol qilish katta xavf hisoblanadi. Manzilsiz savdo nuqtalarining omborxonalaridan tortib, supermarketlarning yukxonasigacha mahsulotlar xavfsiz joyda saqlanishi kerak. Biz mavzuga yana qaytamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер