“Buyuk va muqaddassan, ona tilim!"

23:36 21 Oktyabr 2023 Jamiyat
243 0

Qashqadaryo viloyatida 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan asosiy bayram tadbiri erta tongdan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi oldida boshlandi.

Viloyat hokimligi masʼullari, keng jamoatchilik hamda ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haykali poyiga gullar qoʻyildi.

Shundan soʻng bayram tantanalari viloyat musiqali-drama teatriga koʻchdi. Teatr foyesida tashkil etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi, folklor-etnografik jamoalari, milliy-madaniyat markazlarining badiiy chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Shu yerda “Bexato yozamiz” nomli qiziqarli aksiya ham oʻtkazildi. Unda oʻzbek tilidagi bittadan murakkab soʻzni bexato yozib bergan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan kitob bilan taqdirlandi.

Tadbirning rasmiy qismini Qashqadaryo viloyat hokimi oʻrinbosari Ilhomjon Arziqulov ochib berar ekan, mamlakatimizda oʻzbek tili nufuzi va mavqeini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, soʻzga chiqqan tilshunos olimlar, ijodkorlar oʻzbek tilining sofligini taʼminlash, yoshlarga til qoidalarini puxta oʻrgatish zarurligini taʼkidladi. “Davlat tili haqida«gi qonunning ijrosini taʼminlashda har bir insonning masʼulligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Viloyat hokimligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan “Buyuk va muqaddassan, ona tilim!» hamda “Mustaqillik — mening hayotimda” tanlovlari gʻoliblariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Bir guruh fidoyilar viloyat hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Sanʼat ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi katta bayram dasturi tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?