“Buvijonim pishiriqlari”ni tatib koʻrmabsiz...

17:47 30 Avgust 2023 Jamiyat
500 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qunduz Karomova oʻz tadbirkorlik faoliyatini bundan qariyb chorak asr avval boshlagan. U dastlab Qarshi tumanida “Gulshan” xususiy ishlab chiqarish firmasini taʼsis etib, uning negizida non va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Avvaliga ikki-uch kishi bilan ishlagan boʻlsa, bora-bora ishchilar soni yigirmadan, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi esa 30 dan oshib ketdi.

Tadbirkor ayol bu muvaffaqiyat bilan cheklanib qolmadi. Mudom oldinga harakat qilishda, katta-katta maqsadlar sari intilishda davom etaverdi. 2007-yil Hindiston va Germaniyada, 2009-yil Yaponiyada, 2011-yil Malayziya, 2014-yil Xitoyda tashkil etilgan biznesga oid anjumanlarda ishtirok etib, tajriba oshirdi.

2018-yilda Qarshi shahrida “Buvijonim pishiriqlari” xususiy korxonani taʼsis etib, non va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni boshladi.

— Korxonamiz Germaniya va Turkiyadan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, — deydi Qunduz Karomova. – Bu yerda oyiga 80 tonnadan oshiq mahsulot, xususan, 40 turdagi parhezbop non va non mahsulotlari, 100 turda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoni mavjud.

Ayni vaqtda korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Bu faoliyat ortidan esa hududdagi 58 nafar kishining bandligi taʼminlangan. Tadbirkor ayol yangi texnologiyalarni olib kelish va korxonaning ishlab chiqarish quvvatini oshirish evaziga yana 50 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish harakatida.

Xalqimizda qilingan haqiqiy mehnat albatta oʻz eʼtirofini topadi, degan naql bor. Qunduz Karomovaning tadbirkorlik sohasidagi uzoq yillik mehnati eʼtirof etilib, Prezidentimizning 2023-yil 18-avgustdagi Farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?