Buni hayot deydilar...

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. “Kambagʻal” soʻzi yaqin tariximizda “kam taʼminlangan” iborasi oʻrniga almashdi. Rasman 2020-yil mamlakatimiz rahbari Parlamentga murojaatida kambagʻallikni qisqartirishni dolzarb vazifa sifatida eʼtirof etib, oʻshanda ularning soni Respublikamiz boʻyicha 7 million atrofida ekanligi, bu mamlakat umumiy aholisining 23 foizga yaqinini tashkil etishi taʼkidlangandi. Kambagʻallik yer yuzidagi barcha davlatga xos holat boʻlib, turli davr va qaysidir jamiyatda koʻproq, boshqasida kamroq yuzaga chiqishi mumkin.
Davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishlarning birida “...Bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xoʻsh, bunday oilani oʻziga toʻq deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini oʻqitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima boʻlyapti, degan savol har kuni qiynaydi...”, degandi.
Shu asosda mamlakatimizda ushbu ijtimoiy-iqtisodiy muammo tan olinib qolmay, uni bartaraf etishning aniq chora-tadbirlari belgilandi. Oʻtgan yillar davomida ijtimoiy himoya oluvchi oilalar soni 4,5 karraga oshirilib, 446 mingdan 2,2 millionga yetdi. Mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga past foizlik kredit va subsidiyalar berildi. Dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratilib, daromad manbalari yaratildi. Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarga korxona va tashkilotlar biriktirildi.
Uchquduq tumanidagi “Yoʻlchilar” OFYda istiqomat qiluvchi Sveta Qalmuratova oilasi shulardan biri boʻlib, 26-yildan buyon oila daromadining asosiy qismi toʻngʻich farzandi Dauren Apizovni davolatishga yoʻnaltiriladi. Uy-joyini taʼmirlash nari tursin, kundalik ehtiyojlari uchun maishiy texnikalar xarid qilish haqida ham soʻz boʻlishi mumkin emas.
Oilaga “NKMK” AJ biriktirildi. Korxona tomonidan oila istiqomat qilayotgan xonadon kapital taʼmirdan chiqarildi. I guruh nogironi boʻlgan Dauren betashvish harakatlanishi uchun uy va hovlida barcha shart-sharoitlar yaratildi.
— Soʻngi paytlarda orzu-havas ham qilmay qoʻygandim, — deydi Sveta Qalmuratova. — Taqdirimizda yorugʻ kunlar bor ekan, bu birgina mening emas, minglab menga oʻxshash insonlarning baxti.
Kambagʻallikni qisqartirishda aholining faolligi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois mahallalarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash maqsadida qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish sohasida jami 4632 ta “mahallabay” loyihalar shakllantirilib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Misol uchun, Navbahor tumanining “Yosh kuch” mahallasining kambagʻal oilalar toifasidagi Robiya Tilavova xonadonida 14 jon istiqomat qilardi. Imtiyozli kredit asosida xonadon tomorqasida issiqxona tashkil etilib, oilaning toʻrt nafar aʼzosi bandligi taʼminlandi.
— Shu yili pomidor, koʻkat va sabzavotni erta bahorda bozorga olib chiqib, daromadga ega boʻldik, — deydi Robiya Tilavova. — Hademay bananlarimiz hosilga kirib, daromadimiz oshadi. Albatta, koʻnglimizda orzu istaklarimiz ortib bormoqda.
Bugun jamiyatimizda shunchaki soʻzlar almashuvi emas, balki taqdirlar, ayollarning roʻshnolikdan mamnunligi, samimiy shukronasi oʻz aksini topmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring