Bugunning gapi yoki QIMMAT KITOB... NECHANCHI EHTIYOJ?
Illyustrativ foto
Soʻzim avvalini yaxshi xabardan boshlay: “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida “Ostonangda turibman, dunyo” nomli kitobim uch ming nusxada nashriyot hisobidan chop etildi! Fargʻonalik taniqli adiba Matluba Dehqon qizining “Gul soʻqmoqlar” nomli nasriy toʻplami ham xuddi shu tartibda, bir vaqtda nashrdan chiqqaniniyam aytishim kerak. Bunday eʼtibor, ragʻbatni ijod ahli uzoq kutdi. Yaqindagina bir-birimizdan yangi asarlar haqida soʻrab, “anchasi bor, lekin chop ettirishga imkon yoʻq, homiy izlayapman” deb yozgʻirib yurgandik. Prezidentimizga ming rahmat, biz orzu qilgan kunlar keldi!
Quvonchdan qanot bogʻlab Toshkentga yetib bordik. Mana, kitob qoʻlimizda. Har tomonlama koʻnglimiz toʻldi, tasanno! Nashriyotda bu goʻzal mahsulotlarga mehnati singganlarning barchasiga tashakkurlar ayta-ayta, endigina “tandirdan uzilgan” kitoblarimizni bagʻrimizga bosgancha xayrlashdik. Hamrohim uch-toʻrt kunga qoladigan boʻldi. Uyga otlanar ekanman, beixtiyor yaqindagi kitob doʻkoniga bosh suqdim. “Sotuvga chiqdi” deyishgandi, soʻrab-surishtirdim.
– Bugun-erta qoʻyamiz, faqat, narxini chiqarishimiz kerak, – dedi sotuvchi yigit qoʻlidagi roʻyxatga koʻz yugurtirib.
– Nashriyotda aytishuvdi, 14 600 soʻm ekan.
– Bu nashriyot narxi. Bizda yigirma mingga yaqinlashib qoladi.
Boya ichkarida kitoblarimiz salkam oʻn besh ming soʻmdan baholanganligini eshitib, “haa, kitoblar narxi oshyapti deyishgandi...” deb qoʻyaqolgandik. Lekin endi, agar shu moʻjazgina kitob 18,19, 20 ming... yo undan ortiq soʻm boʻlsa... kim sotib oladi, deb oʻylab qoldim. Ehtimol, bu bola ustiga koʻp qoʻyayotgandir? Shu mavzudan salgina soʻz ochgandim, sotuvchining figʻonidan dud chiqdi:
– Hali bunisi holva, kennoyi! Aprelgacha sotilganicha sotiladi, keyin birinchi sanadan NDS qoʻshiladi, oʻshanda koʻrasiz.
– Bu haligi...
– Qoʻshimcha qiymat soligʻi, – dedi hushyorlik bilan yigit. – Bu bevosita kitob narxiga taʼsir qiladi, qimmatlashadi.
– Ie, hali bundan ham qimmat boʻladimi? Nega?
– Buni endi mendan emas, tepadagilardan soʻraysiz... Biz bir tadbirkor sifatida soliq toʻlashdan aslo qochmaymiz. Foyda soligʻi toʻlayotgan edik, endi bunisiyam chiqdi. Mayli, davlat boyisa – xalq boy boʻladi. Lekin odamlar kitob olmay qoʻysa, oʻqimay qoʻysa-chi?!
Xayolda yana boyagi savol: narx bundan ham koʻtarilsa, nondan, goʻsht-yogʻdan orttirib, dori-darmon yo kiyim-kechakdan chegirib, kim 25 mingga bitta choʻntakbop kitob oladi?
Toʻgʻrisi, moliyaviy savodxonman deyolmayman, lekin bitta oʻrtacha badiiy kitob 20-30 ming soʻm turishi juda qimmatligini tushunish uchun iqtisodchi boʻlish shart emas.
Yana bir doʻkonga, endi Fargʻonada kirdim va shunchaki qiziqqan boʻldim. Qoʻlimga salkam oʻttiz ming soʻmlik kitobni olib, narx mavzusida gap ochdim.
– Qimmat kelyapti-da, opa, – dedi sotuvchi uzrnamo, xuddi narxni oʻzi belgilaydiganday xijolat tortib.
– Apreldan yana osharmish-a?
– Ee, soʻramang. Oʻzi shundogʻam savdo gullab yotgani yoʻq edi. Kitob savdosi oʻzi jaa daromadli ish emas. Ish haqi, ijara, soliq, svet, gaz deganlaridek... Narx bundan ham oshsa, bilmadim, kitobga ehtiyoj qoladimi-yoʻqmi, xarajatlarimizni qayerdan qoplaymiz?!
Kitobga ehtiyoj... Bu nima degani? Bu – maʼnaviyat, ezgulik, odamiylikka ehtiyoj emasmi? Insonning osh-nonga, kiyim-boshga boʻlgani kabi zarurati emasmi? Narxlar bunday koʻtarilib tursa, nechanchi ehtiyojga aylanarkin kitob?
Davlatimiz rahbarining kitobxonlikni rivojlantirishga doir koʻrsatmalari bugungi shiddatkor, raqamli davrda xalq maʼnaviyatini yuksaltirishiga qaratilgan ulugʻvor maqsadga katta turtki boʻldi. Bu xayrli harakatning natijasi ham koʻrinib qoldi: yoshlarning kitobga intilishlari ortdi, bosma mahsulotlar sifati yaxshilandi, koʻzni va dilni quvnatuvchi kitoblar koʻpaydi. Ammo narx masalasida ushbu intilishlarga mutlaqo zid oʻzgarishlar borayotganidan taajjublanmay iloj yoʻq.
Nega bunday boʻlyapti? Kitobxonlik targʻibotidan asosiy maqsad yosh avlod barkamolligi, maʼnaviy kamoloti boʻlsa, tarbiyaning eng oliy va samarali vositasi boʻlmish kitobning narxini oshirish emas, aksincha, pasaytirish, hech yoʻqsa barqaror ushlab turish kerakdir?
Bu oʻzgarish mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida shunchalar muhim boʻlsa-chi, degan ishtiboh sabab yangi tartib bilan qiziqdim – QQSning oshishi barcha turdagi savdo xizmatlariga qoʻyilmabdi, yaʼni bu “koʻpga kelgan toʻy” emas ekan. Ijtimoiy ahamiyatli xizmatlar sifatida bu oʻzgarish daxl qilmagan sohalar belgilab qoʻyilibdi. Masalan, dori-darmon savdosi. Darhaqiqat, dori inson jismining salomatligi uchun juda zarur. Lekin ruh, ong, qalb salomatligi-chi? Ruhiy tarbiyaning ijtimoiy ahamiyati qay mezonlar asosida bunchalar past baholanyapti? Nega aynan kitobning boshiga tushdi bu savdo? Endigina ustidagi changni silkib, qaddini rostlayotgan maʼnaviy xazinamizni yana chetga surib, “uyqu rejimi”ga hukm qilamizmi?
“Adabiyotga tashna, maʼnaviyatli odam kitobga sarflagan puliga ogʻrinmaydi”, deydilar koʻpincha. Ammo davr bilan hisoblashib, atrofga kengroq nazar tashlab xulosa qilsak, ayrim ixlosmandlarninggina emas, aholining maʼnaviyatini oʻsha darajaga yetkazib olish uchun ham kitob qimmat boʻlmasligi kerak.
Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbus doirasida koʻpdan-koʻp kitobxonlik tadbirlari oʻtkazilyapti. Yoshlarga “Oʻqing, kitobdan yaxshi doʻst yoʻq!” deyapmiz. Biroq oʻgʻil-qizlarimizning qoʻli narxi osmon doʻstiga yetarmikin?
Gulchexra Asronova,
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring