Bu mening tanlovim – bu mening Konstitusiyam!

11:31 05 Aprel 2023 Siyosat
697 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Konstitusiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan tashviqot tadbirlari davom etmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev va Gʻayrat Abdiyev, O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi faollari, Yoshlar parlamentining viloyatdagi a’zolari, institut professor o‘qituvchilari va 3 ming nafarga yaqin talaba yoshlar ishtirok etdi.

Deputatlar, partiya faollari yangilanayotgan Konstitusiyamizning ahamiyati haqida yig‘ilganlarga keng tushuntirishlar berdi. Shu bilan bir qatorda ta’limdagi  o‘zgartish va qo‘shimchalarning kelgusida yosh avlod kamoloti va himoyasi borasida batafsil to‘xtaldi.

Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Oxirgi olti yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi –9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun 5 baravar ko‘paydi.

Yangilanayotgan Konstitusiyamizga kiritilayotgan o‘zgartishlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maktablar va o‘qituvchilar faoliyatiga asossiz aralashuvga, pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishga, o‘qituvchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida deputatlar, partiya faollari barcha tadbir ishtirokchilarini  30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda viloyat madaniyat bo‘limi xonandalari, havaskor talaba yoshlar Vatan, tinchlik haqidagi qo‘shiqlarni ijro etib, ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev
"Xalq so‘zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?