Boʻstonliqda Akbar Joʻrayev nomidagi sport maktabi ochildi
Toshkent viloyatida sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sogʻlom turmush tarziga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasi oʻlaroq yana bir zamonaviy sport inshooti foydalanishga topshirildi.
Boʻstonliq tumani “Soyliq” mahallasida barpo etilgan, Olimpiada chempioni, uch karra jahon chempioni va jahon rekordchisi Akbar Joʻrayev nomi bilan atalgan sport maktabining tantanali ochilish marosimi koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abdurahmonov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Sport vaziri Adham Ikramov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, sport sohasi faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur sport majmuasi Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 25 milliard soʻm mablagʻ evaziga bunyod etildi. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan ushbu sport maktabi 30 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu yerda yosh sportchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Xususan, sport maktabi hududida qulay yotoqxona va oshxona, mini stadion, sauna, zamonaviy jihozlangan ogʻir atletika zali, oʻquv xonalari, yopiq turdagi basseyn, shuningdek murabbiylar uchun alohida xizmat xonalari mavjud.
— Akbar Joʻrayev nomi bilan atalgan sport maktabining ochilishi ramziy maʼnoga ega. Chunki u oʻzining matonati, kuch-gʻayrati va yuksak natijalari bilan nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon sporti tarixida munosib oʻrin egallagan sportchi hisoblanadi. Uning nomi bilan atalgan maskan yoshlar uchun katta motivatsiya maktabi, haqiqiy chempionlar yetishib chiqadigan maskan boʻlishi shubhasiz, — deydi Toshkent viloyati Sport boshqarmasi masʼul xodimi Dilrabo Jumanova.

Mazkur sport maktabi yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni professional darajada tayyorlash hamda yurtimiz sporti shaʼnini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan yangi chempionlarni tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Eng muhimi, bunday zamonaviy sport inshootlari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu bois, ushbu sport maktabining ish boshlashi nafaqat Boʻstonliq tumani, balki butun Toshkent viloyati sport hayotidagi muhim voqea boʻldi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring