Bolalarda anemiya: Kasallikning oldini olishda dastlabki choralar nimalardan iborat? 

14:38 24 Oktyabr 2020 Jamiyat
12814 0

Yosh bolalarda kamqonlik muammosi ijtimoiy ahamiyatga ega. Bolaning toʻgʻri rivojlanishi, tengdoshlaridan jismonan va aqlan orqada qolmasligi uchun bu kasallikka befarq boʻlmaslik kerak. Ushbu kasallik borasidagi savollarimizga Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, oliy toifali shifokor Nazokat Oripova javob beradi.

— Anemiya tashxisini qoʻyish uchun qanday tekshiruvlar oʻtkaziladi?

— Bolada kamqonlik belgilarini sezgan ota-ona, eng avvalo, qon tekshiruvlarini amalga oshirishi zarur. Qondagi eritrotsitlar va gemoglobin sonining koʻrsatkichlari orqali tashxis qoʻyiladi. Gemoglobin miqdori 110 g/l dan eritrotsitlar 3,5 x 10¹² g/l dan kam boʻlsa, anemiya tashxisi qoʻyiladi. Bu koʻrsatkich anemiyaning yengil darajasiga tegishli. Oʻrtacha anemiya quyidagi koʻrsatkichlar bilan belgilanadi: gemoglobin 90 g/l dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² g/l gacha, ogʻir darajadagi kamqonlikda esa 70 g/l dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² g/l dan kam boʻladi. Bolada kamqonlik aniqlanganda nafaqat gematolog, balki gastroenterolog, nefrolog va pediatlarga ham murojaat qilish hollari uchraydi.

— Kamqonlikni davolash davrida nimalarga ahamiyat qaratiladi?

— Kamqonlikni davolashning bosqichlari toʻliq shifokor nazorati ostida oʻtishi lozim. Agar bolada anemiyaning yengil koʻrinishi kechayotgan boʻlsa, temir moddasiga boy boʻlgan ovqatlar va qoʻshimcha vitaminlar beriladi. Takroriy kamqonlik yuzaga kelmaslik uchun ushbu jarayonni toʻxtatmaslik zarur. Ratsionda mol goʻshti jigari, dukkakli ekinlar, dengiz mahsulotlari, yangi sabzavot va mevalar, koʻkatlar oʻrin olishi kerak. Temir preparatlari va vitaminlari koʻrsatilgan dori-darmonlarni shifokor tayinlaydi.

— Anemiyani oldini olish borasida qanday tavsiyalar bergan boʻlar edingiz?

— Temir tanqisligi kamqonlikning asosiy sababi ekanligini hisobga olsak, toʻgʻri ovqatlanishning ahamiyati juda katta. Bola tugʻilmasidanoq oldinroq homilador ayollar sogʻlom ovqatlanishga, yetarlicha uxlab dam olishga erishishi zarur. Ilk 6 oylikda ona sutiga qoʻshimcha ovqatlar qoʻshib borish zarur. Katta yoshdagi bolalar uchun turli xil ovqatlanish balansini tashkil qilish kerak. Chaqaloqlarni iloji boricha ochiq havoda boʻlishi va quyosh vannalarini qabul qildirilishi muhimdir. Agar bu yetarli boʻlmasa, vitamin-mineral komplekslari va tarkibida temir moddasi saqlovchi preparatlardan foydalanish mumkin. Shuni alohida taʼkidlash zarurki, temir organizmga yaxshi soʻrilishi uchun S vitamini juda zarur. Sut, choy va kofe kabi mahsulotlar esa temir moddasini soʻrilishiga qarshilik koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер