Bolalar salomatligiga baxshida umr

Mamlakatimizda olib borilayotgan chuqur islohotlar tufayli barcha sohalar qatori tibbiyotda ham jadal rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini asrash samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi texnologiyalar, zamonaviy tibbiy muolaja usullari amaliyotga joriy etilmoqda. Sohada kadrlar tayyorlash masalasiga katta eʼtibor qaratilib, oʻquv jarayonlariga eng ilgʻor tajribalar tatbiq qilinmoqda. Natijada Oʻzbekiston mintaqada tibbiyot sohasi eng rivojlangan mamlakatga aylanmoqda. Bugun koʻplab xorijliklar turli kasalliklarga shifo topish maqsadida yurtimizga tashrif buyurayotganlari ham bejiz emas.
Qoʻlga kiritilayotgan bu yutuqlarda oʻz hayotini el salomatligini asrashga bagʻishlagan fidoyi shifokorlarning hissasi beqiyos. Shunday insonlardan biri ham shifokor, ham olim sifatida nafaqat yurtimizda, balki uzoq xorijda ham koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlgan tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Shamsiyevdir.
U faoliyatining dastlabki yillaridanoq buyuk bobokalonimiz Ibn Sino oʻgitlariga amal qilgan holda ham nazariy, ham amaliy bilimlarini muntazam oshirib borishni hayotining asosiy qoidasi sifatida belgiladi. 1983-yilda himoya qilgan bolalar xirurgiyasiga bagʻishlangan doktorlik dissertatsiyasi hamkasblari tomonidan juda yuqori baholanib, sobiq ittifoq tibbiyotining yutugʻi sifatida taʼriflangan edi.
Iqtisodiyotimiz juda nochor ahvolda boʻlgan oʻtgan asrning 80 — 90-yillarida respublikamizda bolalar oʻlimi koʻrsatkichi juda baland boʻlib, bu borada sobiq ittifoqda birinchi oʻrinlarda turar edik. Shunday ogʻir davrda minglab onalarimiz bolalarining kasaliga najot izlab Samarqandga, “Azamat doktor”ga kelishardi. Vaziyat jiddiyligini tushungan Azamat Shamsiyev yangi tashabbus bilan chiqdi va 1985-yilda nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi boʻlgan Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markaziga asos solindi. Bu respublikamiz sogʻliqni saqlash tizimi yangi bosqichga koʻtarilganidan dalolat berar edi. Markaz bugungi kunda ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Yuksak ilmiy salohiyat sohibi, professor Azamat Shamsiyev 1990-yildayoq Samarqandda birinchi boʻlib yurak jarrohligi amaliyotini oʻtkazdi va u muvaffaqiyatli chiqdi. Shundan soʻng 200 dan ortiq bunday jarrohlik amaliyotlarini bajardi, uzoq yillar davomida bolalar jarrohligi yoʻnalishida faoliyat yuritib, ming-minglab goʻdaklar hayotini saqlab qoldi.
Olimning faoliyati, ayniqsa, mustaqillik yillarida sermahsul boʻldi. Nazariy tibbiyotni rivojlantirish maqsadida professor mingdan ortiq maqolalar va monografiyalar eʼlon qildi, 1996-yilda akademik E. Irgashev bilan birga “Biologiya va meditsina muammolari”, 2023-yilda esa “Ipak yoʻlida innovatsion xirurgiya” jurnallariga asos soldi. 2000-yilda A. Sulaymonov bilan hamkorlikda yozgan “Bolalar xirurgiyasi” darsligi chorak asrdan beri respublikamizning barcha tibbiyot oliygohlarida oʻqitib kelinmoqda.
2004-yilda mamlakatimiz rahbariyati yana bir ishonch bildirib, professor Azamat Shamsiyevni eng yirik va koʻhna tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan biri — Samarqand davlat tibbiyot institutiga rektor qilib tayinladi. Shunda professor Azamat Shamsiyevga xos boʻlgan tashkilotchilik qobiliyatining yangi qirralari ochildi. U oliy malakali tibbiyot mutaxassislarini jahon standartlari darajasida tayyorlashga bel bogʻladi. Uning bevosita tashabbusi bilan Oʻzbekistonda birinchi boʻlib, 2013-yilda xalqaro taʼlim standartlariga mos keladigan kredit-modul tizimi oʻquv jarayoniga tatbiq etildi. Keyinchalik bu ilgʻor tajriba davlatimiz rahbari tomonidan yuqori baholanib, qoʻllab-quvvatlandi va 2020-yildan eʼtiboran mamlakatning barcha oliy oʻquv yurtlarida joriy qilina boshlandi.
Ilm kutubxonasiz boʻlmaydi. Kutubxona haqida gap borganda esa, avvalo, buyuk Ibn Sino xotiramizga keladi. Oʻn yetti yoshli Ibn Sino Buxoro hukmdori Nux II ibn Mansur (976 – 997)ni davolab, amir kutubxonasida shugʻullanishga ruxsat oladi. Bu yerda koʻplab sandiqlar qoʻyilgan boʻlib, ular kitoblar bilan liq toʻla edi. Ibn Sino keyinchalik bu haqda shunday deb yozgan: “Kitoblar ortidan kitoblar oʻqidim. Hech kim bu kitoblarni koʻrmagan va hatto nomini ham eshitmagan. Shu paytgacha men ham koʻrmagan edim, bundan soʻng ham koʻrishga muyassar boʻlmadim”.
Chindan ham, ilm-fanni rivojlantirishda kitobning oʻrni beqiyos. Shu bois Azamat Shamsiyev institutda juda katta elektron kutubxona tashkil qildi va talabalarni dunyoning tibbiy elektron kitoblar olamiga kirishi uchun imkoniyat yaratdi. Bundan tashqari, talabalar ilmiy toʻgaraklariga asos soldi, ularni, dunyoning qaysi burchagida boʻlmasin, ilmiy konferensiyalarga safarbar qildi. Shu tariqa Samarqand davlat tibbiyot instituti (hozirgi Samarqand davlat tibbiyot universiteti) rivojlangan mamlakatlar tibbiyoti bilan integratsiyalashdi.
Sifatli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 800 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurildi. Bino Yevropa klassik arxitektura uslubida, Irlandiyaning 1592-yilda qurilgan Dublin universiteti binosidan andoza olib bunyod etildi. Natijada, bino nafaqat talabalarga shinam, yaxshi sharoit yaratishga xizmat qildi, balki koʻhna, boqiy shaharning koʻrkiga-koʻrk qoʻshdi.
Professor Azamat Shamsiyevning nomi zamonamizning mashhur tibbiyot dargʻalari qatoridan oʻrin olgan. U Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, Yevropa (EUPSA) va Rossiya (RADX) bolalar xirurgiyasi assotsiatsiyasi, Osiyo laparoskopik xirurglar assotsiatsiyasi (ELSA), Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash qirollik assotsiatsiyasi, Rossiya xirurglar jamiyati aʼzosi, Rossiya mediko-texnik akademiyasining haqiqiy aʼzosidir. Bundan tashqari, u bir qator xalqaro oliy oʻquv yurtlari va ilmiy jamiyatlar, jumladan, Gras meditsina universiteti (Avstriya), Ijevsk meditsina akademiyasi va Boshqirdiston davlat meditsina universitetining faxriy professori va akademigidir. Shu bilan birga, u fanga qoʻshgan hissasi uchun akademik A. V. Vishnevskiy (2010) nomidagi oltin medal va professor V. P. Nemsadze (2014), professor A. A. Kisel (2024) nomidagi nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan.
Oddiy qishloq maktabida oʻqib voyaga yetgan va oʻz ilmiy salohiyati bilan xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgan professor Azamat Shamsiyev yutuqlarining siri nimada? Uni, avvalo, tabiat ato etgan iqtidor, tinimsiz mehnat, oʻz ustida ishlash, mutolaa, keng fikrlash, ziyraklik, ilm-fanga, oʻz kasbiga sadoqat kabi fazilatlardan qidirmoq lozim.
Mubolagʻa boʻlib tuyulsa-da, Azamat Shamsiyev faoliyatida Ibn Sino hayotiga oʻxshashliklarni topamiz. Buyuk Ibn Sino yoshligida fizika, metafizika, matematika, falsafa, mantiq, fiqh kabi turli fanlarni toʻliq oʻzlashtirgan va shundan soʻnggina tib ilmini oʻrganishga kirishgan. Ana shu keng qamrovli bilimlargina Ibn Sinoni daholik darajasigacha koʻtargan. Azamat Shamsiyevdagi chuqur bilim, mulohazakorlik, har bir masalaga oʻziga xos yondashuv mana shunday keng dunyoqarash mahsulidir. Qolaversa, Oʻzbekiston tibbiyot ilmining vatanidir. U Ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy, Mansur Qamariy, Abu Sahl Mosixi, Abu Abdullo an-Natili, Abu Ubayd Juzjoniy kabi ajdodlarimizning, shuningdek, elladalik Golen va Gippokratning tibbiy merosini chuqur oʻrganishni oʻziga ham qarz, ham farz deb bildi. Shuningdek, zamonaviy Yevropa tibbiyotining yutuqlaridan bahra oldi. Natijada, u tib ilmining chuqur bilimdoniga aylandi, bu oʻz navbatida, kasallik tashxisini tezkorlik bilan aniqlash va jarrohlik amaliyotlarini bexato oʻtkazishda qoʻl keldi. Faqat va faqat keng qamrovli bilim va tinimsiz mehnatgina professor Azamat Shamsiyevni zamonamizning taniqli shifokori darajasiga koʻtarilishiga imkon berdi.
Azamat Shamsiyev qutlugʻ yoshni qarshilagan boʻlsa-da, oʻzbek tibbiyot fani va elimiz sogʻligi yoʻlida tinmay xizmat qilib kelayotir. Uning ilmiy rahbarligida hozirga qadar 40 dan ortiq fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi, 12 ta darslik, 35 ta monografiya va mingdan ortiq ilmiy maqolalar nashr etildi. Ixtirolar uchun 70 dan ortiq patentlar olindi. Bu xizmatlar yuksak davlat mukofotlari — “Sogʻlom avlod uchun” va “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijadorligini taʼminlashda Azamat Shamsiyev singari fidoyi shifokorlarimizning ilmiy salohiyati, ulkan tajribasi muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Temur SHIRINOV,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring