Boladay begʻubor qalb egasi

09:17 17 Dekabr 2022 Jamiyat
747 0

Foto: Illustrativ surat

Ilk bor Toshkentga sevimli asarlarim muallifi, atoqli bolalar yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevni koʻrgani dadam bilan kelganman. Oʻshanda 2013-yilning qish oylari edi. Sovuqda ustozning manzilini izlab butun shaharni kezganimiz hech esimdan chiqmaydi. Har qalay “Tong yulduzi” gazetasiga ijodiy mashqlarimni yuborib turganim uchun tahririyat manzilini eslab qolgan ekanman. Gazetaning bosh muharriri Feruza Adilova Toʻxtaboyevning uy telefoniga qoʻngʻiroq qilib, meni Navoiydan ustozni koʻrish uchun kelganimni aytdi.

Ustoz sal avvalroq shifoxonada davolanib chiqqan ekan. Toblari boʻlmasada “Navoiydan meni koʻrgani kelasizu men siz bilan suhbat qilmaymanmi, qizim” deya chamasi ikki soatlar gaplashib oʻtirdi. Avval, oʻzimni oʻzim haqida gapirtirdi. Sheʼrlarimdan oʻqitdi. Keyin aytdi:

— Hoshimjonning bitta yomon odati turoq bilan turshakning farqiga bormas edi. Quvonganim, sen turoq bozorda sotilmasligini bilar ekansanu tekin turoqni sheʼrdan qizgʻanibsan, - dedi tabassum bilan dadamga koʻz ostidan qarab. — Eng muhimi, senda tasvir bor ekan, qizim. Nasrda yoki badiiy publitsistikada yozsang, binoyiday ijodkor chiqar ekan...

Ijodiy mashqlarimga bildirilgan bu adabiy tanqid men uchun katta maktab boʻldi. Shu kuni ustozdan ilk marta eshitgan badiiy publitsistikani oʻrganishni boshladim. Viloyatdan mashqlarimni ustozga maktub qilib yuborar edim. Eng muhimi, adibning hamisha 14 yoshli nabirasiga bildiradigan ikki enlik fikri bor edi. Har gal pochtachi amaki “Xudoyberdi bobong senga Toshkentdan xat berib yubordi”, deb uyga kelganida butun mahallada shov-shuv boʻlar edi. Goʻyoki, Hoshimjon qadar yulduzga aylanar edim.

2021-yilda Toshkentda “Tong yulduzi” gazetasida ishlar edim. Adibning tugʻilgan kuni arafasi maqola tayyorlamoqchi boʻlib, poytaxtdagi Uchtut koʻchasi 69-uyga yana bordim. Ustoz kutubxonasida gazeta oʻqib oʻtirgan ekan. Koʻzoynaksiz. Yozilgan maktublar muallifi — navoiylik qiz ekanligimni eshitganidan keyin tanidi. 88 yoshda ham xotiralari mustahkam edi.

Maqolani ustozning nafaqat bolalar adabiyoti, balki badiiy publitsistikadagi faoliyati, mahorat maktabi haqida yozmoqchi edim. Shu sababli, kechagi va bugungi jurnalistika haqida gaplashishni boshladik. Ustoz har bir felyetoni ketidan sud zaligacha borib haqiqat uchun kurashganiyu, baʼzida tahdidlar ostida qolgan hayoti haqida toʻlib toshib gapirib berdi. Suhbatda jurnalistika saboqlarini oʻrgatib, “Mana bunday deb savol bersang, men mana bunday deb sirlarimni ochaman”, deya samimiyat va tabassum bilan mahorat darslarini berdi.

Felyetonlari haqida soʻraganimda, ustozning oʻzida birontasi ham yoʻqligini aytdi. Aslida manbalarda beriladigan 300 dan ortiq felyetonlardan ikki barobar koʻp materiallari borligi, biroq hali ular jamlanmaganini afsuslanib gapirdi.

Shu kuni ustozdan jurnalistikadagi dadillikni, kurashni va halollik ortidagi mashaqqatni eshitdim. Ularning har biri tarix edi, ustozning soʻzlari esa qulogʻimga qoʻrgʻoshinday quyilayotgan edi.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev farzandlari haqida gapirar ekan, hech biri adabiyot sohasidan ketmaganligini allaqanday notanish his bilan aytdi.

— Biroq, kenja oʻgʻlimning qizi Robiyabibim senga oʻxshab ijodiy mashq qilib turadi. Ilohim omadini bersin - dedi nabirasining kelajagini adabiyotda koʻrayotganidan quvonib.

Yozuvchiga xorgʻinliq soya solgandek edi, nazarimda. Aytishicha, turmush oʻrtogʻi eng katta yordamchisi boʻlgan ekan. “Qariganda qush uyqu boʻlib qolar ekan kishi, kechalari uyqum qochsa, ilhomim kelardi. Momongizni shirin uyqusidan uygʻotib, aytib turar edim, u kishi yozar edi”, dedi koʻzlariga yosh olib. Turmush oʻrtogʻining vafotidan keyin koʻnglidagidek yaxshi narsa yozolmabdi. Shunday boʻlsada ustozning yozmoqchi va qayta tahrir qilmoqchi boʻlgan asarlari koʻp edi. Bugun jurnalistikadan chiqib ketayotgan janrlar uchun noyob meros sifatida davriy nashrlar arxivida yoʻqolib borayotgan tanqidiy materiallarini jamlanma qilishni rejalashtirganini aytgandi.

Yozuvchi bilan qilgan suhbat gazetada bosilib chiqdi. Uylariga olib bormoqchi edim. Afsuski, ulgurmadim...

Xudoyberdi Toʻxtaboyev oltmish yildan ziyod davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida “Shoshqaloq”, “Soʻqmoqlar”, “Muhabbat qoʻshigʻi”, “Jonginam, shartingni ayt” singari hikoyalar toʻplamlari, “Sir ochildi”, «Omonboy bilan Davronboy sarguzashti» qissalari hamda “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yoʻllar”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Mungli koʻzlar”, “Jannati odamlar”, “Qiz talashgan oʻsmirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang” romanlarini yaratdi. Adibning bu asarlari dunyoning 40 ga yaqin tillariga tarjima qilindi.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev bolalar adabiyotining buyuk dargʻalari Jonni Rodari, Xans Kristian Andersen, Ivan Krilov kabi ulugʻlar qatorida tilga olinadi. Bugun ijodkor hayot boʻlganida qutlugʻ 90 yoshga kirgan boʻlar edi. Ulugʻ adibning tavallud kuni ilm dargohlarida, mehnat jamoalarida keng jamoatchilik ishtirokida keng nishonlanmoqda.

Umida SATTOROVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?