Bobur haykali qayerga koʻchiriladi?

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan “Andijonda Bobur haykali koʻchirilarmish” qabilidagi shov-shuvli xabar nafaqat andijonliklarni, balki aksariyat hamyurtlarimizning eʼtiborini tortdi. Ayniqsa, uning oʻrnida koʻp qavatli turarjoy binolari qad rostlashi toʻgʻrisidagi “mish-mish”lar haqli eʼtirozlarga sabab boʻldi. Xoʻsh, aslida nima gap?
Avvalo haykal haqida
Ushbu haykal Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 23-iyundagi “Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida yasalgan. Buning uchun dastlab viloyat faollaridan haykalning koʻrinishi, shakli, maʼnosi yuzasidan fikr olingan. Tabiiyki, barcha Boburning shoir sifatidagi siymosini taklif etgan. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Tursunoy Sodiqova esa Bobur eng avvalo, shoh, suvoriy boʻlganini, haykalni yaratishda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan. Ot mingan suvoriy koʻrinishidagi Bobur haykali shu tariqa vujudga kelgan.
Haykal avval ham koʻchirilgan...
Zahiriddin Muhammad Boburning oʻziga xos sanʼat asari darajasidagi haykali dastlab 1993-yili Andijon shahridagi viloyat hokimligi binosi oldiga oʻrnatilgan. U viloyat markazi qiyofasiga koʻrk berish bilan bir qatorda aholi uchun iftixor ramzi, yoshlar uchun esa gʻurur timsoli vazifasini oʻtagan. Shu bois uning atrofi hamisha odamlar bilan gavjumlashgan.
2005-2006-yillarda respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov taklifi bilan haykal hozirgi manzilga — temir yoʻl vokzali roʻparasiga koʻchirilgan. Mehmonlar uchun Andijon shahri poyezd va avtobus shohbekatlaridan boshlanishi inobatga olinib, viloyat markaziga qadam ranjida qilgan kishining koʻzi poyezddan tushiboq Bobur haykaliga tushishi kerak, goʻyoki, Bobur mehmonlarni oʻz yurtida qarshi olayotgandek tuyulishi maqsad qilingandi.
Avval Konstitutsiya maydoni sifatida faoliyat olib borgan joyda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Haykalning salobatini oshirish uchun maydon salkam bir metr yuqoriga koʻtarilgan va keyinchalik Bobur maydoni, deb atala boshlandi. Endi u Zahiriddin Muhammad Bobur ruhini shod etibgina qolmasdan shahar koʻrk-koʻrk bera boshlagandi.
Faollar qanday munosabat bildirgan edi?
Bobur nomidagi maydon Amir Temur shohkoʻchasida joylashgan boʻlib, uni shahardagi yana bir yirik koʻcha Bobur shohkoʻchasi bilan temir yoʻl vokzali ajratib turadi. Har ikkala koʻchaning oraliq masofasi 300-400 metrdan iborat boʻlsa-da, biroq avtomobilda aylanib oʻtish uchun salkam 10 km. yoʻl bosishga toʻgʻri kelgan. Qulaylik yaratishning yagona yoʻli esa temir yoʻl vokzali va temir yoʻl ustidan oʻtuvchi koʻprikni barpo etishdir.
Bu gʻoya avval mavjud edi. Tegishli idoralarga taklif ham kiritilgan. Biroq soʻrovlar javobsiz qolavergan. Andijonliklar ushbu loyiha vaqti kelib, albatta, amalga oshishiga umid qilganlar. Shu bois 2006-yili Bobur haykali koʻprik qurilishi mumkin boʻlgan yoʻlning shundoq yoqasidagi manzilga koʻchirilishi rejalashtirilganida faollar orasida eʼtiroz bildiruvchilar ham topilgan. Sababi, agar koʻprik qurilsa Boburning haykali uning soyasida eʼtibordan chetda qolib ketishi mumkin edi.
Taklif etilayotgan loyiha jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻldi
2024-yilning noyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Bobur haykali shaharning Registon maydoniga (bu maydonning nima uchun Registon nomi bilan atalishi alohida mavzu) koʻchirilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bunga respublikadagi vazirlik va tegishli idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi asos qilib olingan edi. Uning 16-bandida Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi Registon maydoniga koʻchirish, buning hisobiga boʻshaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 90 mln. AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablagʻlari hisobiga 2 ta 16 va 20 qavatdan iborat binolar qad rostlashi bayon etilgan edi.
Ushbu xabar yashin tezligida tarqaldi va jamoatchilikning eʼtiroziga sabab boʻldi. Hatto turkiyalik olim Temur Xoʻja oʻgʻli oʻz nomasida “Andijondan Afgʻoniston va Hindistonga borishga majbur boʻlgan Bobur Afgʻonistonda vatan sogʻinchida vafot etadi. Hozir esa uning haykali oʻrni oʻz mamlakatida uchinchi bor oʻzgartirilyapti. Bu uning xotirasiga nisbatan hurmatsizlik belgisidir”, deb yozdi.
Muammo haykalning koʻchirilishidami yoki uy qurilishida?
Jamoatchilik vakillari ijtimoiy tarmoq orqali oʻz chiqishlarida ushbu loyihani rad etish zarurligini maʼlum qildilar. Ularning taʼkidlashicha, haykal oʻrnida ikkita turarjoy binosi qad rostlaydi va bu shahar koʻrkini ham buzishi mumkin. Aksariyat fikrlarning maʼnosi esa bir xil: “Oyoq qoʻyganiki, joy topilsa “dom” qurilyapti. “Domfurush”lik ortidan hatto haykalni koʻchirishgacha borishmoqda”.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi. Unda ushbu manzilda koʻp qavatli turarjoy binosi emas, balki savdo majmuasi, koʻngilochar markazlar, ofislar va aholiga xizmat koʻrsatuvchi shoxobchalar tashkil etilishi koʻzda tutilganligi, biroq aholi uchun koʻp qavatli uy qurilishi nazarda tutilmaganligi maʼlum qilingan.
— Mavzuga doir fikrlarni erinmay oʻqib chiqdim, — deydi mehnat faxriysi Odilxon Soyibnazarov. — Afsuski, hamyurtlarimizni Boburning haykali koʻchirilishidan koʻra koʻproq koʻp qavatli uylarning barpo etilishi tashvishga soldi. Shu bois viloyat hokimligi tomonidan bildirilgan munosabatdan keyin shov-shuvlar asta chekina boshladi.
Boburning haykali uchun eng maqbul joy
Ayni paytda Amir Temur va Bobur shohkoʻchalarini bir-biri bilan tutashtiruvchi 700 metrdan iborat koʻprik qurilishi olib borilmoqda.
— U qurib bitkazilgach, Bobur haykali koʻprik ostida boʻlib qoladi, —deydi Bobur jamoat fondi raisining oʻrinbosari Rustamjon Mamasoliyev. —Bu esa Boburning hurmatiga nisbatan eʼtiborsizlik, deb bilaman. Shuning uchun haykalni Registon maydoniga koʻchirilishi maqsadga muvofiqdir. Sababi, ushbu manzil viloyat markazida joylashgan boʻlib, tarixiy ahamiyatga molik. Bu yerda Jome madrasa masjidi, muzeylar, hunarmandlar markazlari joylashgan. Shu bois u nafaqat andijonliklarning, balki sayyohlarning ham sevimli manzillaridan biri hisoblanadi.
Befarqlik, loqaydlik, eʼtiborsizlik davri oʻtdi
Ayni paytda haykalning koʻchirilishi-yu, uning oʻrnida barpo etilishi rejalashtirilgan binolar haqida qoʻshimcha hech qanday maʼlumot oshkor etilgani yoʻq. Goʻyoki, bahorgi chaqmoq bir guldurab, tinib qolgandek...
Biroq ushbu holatning eʼtiborga molik jihatlari ham bor. U ham boʻlsa mamlakatimizda jamoatchilik fikrining oʻrni, soʻz erkinligining ahamiyati, fikrni oshkor etish jarayonining vujudga kelishi bilan bogʻliq. Bugun xalq beeʼtibor emas, uning qalbi uxlab yotgani yoʻq. Yurak kabi fikrlar ham uygʻoq, teran. Bu demokratik davlat, jamiyat shakllanayotganidan dalolatdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring