Harvardga kirgan nabira
Quvalik Sobirjon ota Qoratoyev uzoq yillar dehqon dalalari-yu xonadonlarga suv keltirgan mirob sifatida xalq orasida yaxshi tanilgan. Oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan otaxonni kitobga mehri boʻlakchaligi farzandlariga ham oʻtdi. Hatto nabiralarining kitobsevarligiga mahalladoshlari havas bilan qaraydi.
— Boshlangʻich sinfda oʻqiyotganimda bobom tumanimizdagi eng mashhur oʻquv markazlariga olib borib, qoʻshimcha bilimlarni egallashim uchun katta gʻamxoʻrlik qilgan, — deydi Fargʻona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Dilafroʻz Sobirova. — Kitob doʻkonlariga borsak, jahon adabiyotining durdona asarlarini sotib olib berardi. Otam shifokor, onam oʻqituvchi boʻlishiga qaramay, taʼlim-tarbiyamizda bobomiz birinchi ustozimiz, haligacha har bir ishda dono maslahatgoʻyimiz hisoblanadi.
2021-yili Fargʻona shahrida Prezident maktabi oʻz faoliyatini boshladi. Bu xushxabardan birinchilar qatorida quvongan Sobirjon ota Dilafroʻzni viloyat markaziga yetaklab keldi. Oʻtish imtihonlarida yaxshi natija koʻrsatgan nabira bobosining ishonchini oqlab, maktabning 7-sinfiga qabul qilindi.
Ayni paytda ushbu nufuzli maktabning 11-sinf oʻquvchisi boʻlgan Dilafroʻz Sobirova shu kunlarda AQSHdagi dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Harvard universitetiga bakalavriat bosqichi uchun 100 foizli natija bilan oʻqishga kirdi. Bu grant miqdori 392 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Tengdoshlari havas qilsa arziydigan yutuqlarga erishayotgan aʼlochi qiz hali maktab yoshiga yetmagan paytdayoq onasi va bobosining koʻmagida oʻqish, yozishni oʻrgandi. Shu tarzda bolaligidan ota kasbiga qiziqib, biologiya, kimyo fanlarini chuqur oʻrganishga kirishdi. Boshlangʻich sinfda ingliz tilini oliy taʼlim muassasalariga tayyorgarlik koʻrayotgan abituriyent aka-opalari bilan birga jadal ravishda oʻzlashtirdi.
Prezident maktabi direktori Obidxon Moʻminovning qayd etishicha, Dilafroʻz mazkur taʼlim muassasasida oʻqishning dastlabki kunlaridanoq oʻzining ilm olishga boʻlgan ishtiyoqi, tirishqoqligi bilan ustozlar eʼtiboriga tushdi. Turli tanlovlarda faol ishtirok etib, jamoat ishlarida ham oʻzini koʻrsatdi.
Intilish va ishtiyoq oʻz samarasini berib, Dilafroʻz xalqaro imtihonlarda yuqori natijalarni qayd etdi. Xususan, u IELTC imtihonidan 8.0 ball hamda SAT imtihonidan 1540 ball toʻpladi. Oʻz navbatida, nemis tili boʻyicha V2 darajani qoʻlga kiritdi. Bularga qoʻshimcha ravishda rus va turk tilini ham mukammal oʻzlashtirdi.
— Nabiramning shunday katta yutuqni qoʻlga kiritishida mamlakatimizda yangi avlod taʼlim-tarbiyasi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar muhim ahamiyatga ega boʻldi, — deydi Sobirjon Qoratoyev.— Prezident maktabida jahon andozalari darajasida eng yaxshi qulayliklar yaratilgani tufayli ham kelajagimiz vorislarining orzusi ijobat boʻlmoqda. Bu yerda nabiramning bilimi yuksaldi, dunyoqarashi oʻsdi, iqtidori roʻyobga chiqdi.
— Harvard universitetidan shu kungacha 75 nafar Nobel mukofoti sohibi yetishib chiqqan, — deydi Dilafroʻz.—Men ham insoniyatga katta naf keltiruvchi kashfiyotlar qilib, ularning safidan joy olish niyatidaman. Buning uchun bilim va salohiyatimiz yetarli, albatta. Axir, biz dunyo ilmiga poydevor qoʻygan buyuk allomalarning vorislarimiz-ku!
Sobirjon ota Qoratoyev koʻp yillar mobaynida Quva tumanidagi “Karkidon” suv omborida faoliyat koʻrsatdi. Hozirgi kunda qir-adirlar bagʻridagi suv ombori hududida 280 gektar yerda bogʻ barpo etilmoqda. Muhtasham mehmon uylari, hordiq maskanlari qad rostlayapti. Bu joylar yaqin istiqbolda Fargʻona viloyatining tabiati soʻlim turizm manzillaridan biriga aylanishi shubhasizdir. Bobo va nabira suv omboriga birgalikda koʻp kelishgan. Oʻz qoʻllari bilan ekkan nihollari oʻsib, koʻkka boʻy choʻzmoqda. Orzulari bir olam boʻlgan Dilafroʻz dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasasida bakalavriat, magistratura bosqichlarida oʻqib, yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishni maqsad qilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring