“Biz amerikalik boʻlishni istamaymiz”: Grenlandiyaliklar Tramp daʼvolariga qarshi birlashdi

19:12 10 Yanvar 2026 Dunyo
455 0

Grenlandiya parlamentidagi beshta partiya rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotlariga javoban qoʻshma bayonot bilan chiqdi. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.

Partiya rahbarlari tomonidan tayyorlangan mazkur qoʻshma bayonotda grenlandiyaliklar oʻz taqdirini mustaqil hal qilishi haqidagi xabar ochiq-oydin ifoda etilgan.

“Biz amerikalik boʻlishni istamaymiz. Biz daniyalik boʻlishni ham istamaymiz. Biz grenlandiyalik boʻlishni xohlaymiz”, — deyilgan ushbu bayonotda.

Shuningdek, siyosiy partiya rahbarlari AQSH prezidentining Grenlandiyaga nisbatan tahdidlarini toʻxtatishga chaqirgan. Ular orol kelajagi faqat va faqat Grenlandiya xalqi irodasi asosida belgilanishi kerakligini ham qoʻshimcha qilgan.

Maʼlumki, Grenlandiya hozirda Daniya qirolligining bir qismi hisoblanib, aholisi taxminan 57 ming kishini tashkil qiladi. Shunga qaramay, uning ulkan hududi va boy tabiiy resurslari sababli Grenlandiya strategik jihatdan juda muhim hudud hisoblanadi.

Tahlilchilar soʻnggi bayonotlar grenlandiyaliklarning tashqi bosimlarga qarshi bir ovozdan qarshi chiqishga tayyor ekanini anglatishini taʼkidlashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?