Bir kunda 15 million soʻm daromad...

14:30 03 Iyun 2025 Jamiyat
159 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Qalovini topsangiz kifoya, daromad bermaydigan sohaning oʻzi yoʻq. Buloqboshi tumanida hunarmandlar tayyorlagan soʻrilar nafaqat respublikamizda, balki qoʻshni davlatlarda ham oʻz xaridorlariga egaligi bunga misol boʻladi.

— Ustalarimiz avval oʻzlari yashab turgan xonadonlarda mehnat qilishgan, — deydi “Qumguzar” mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi Abduhoshim Mamajonov. — Hunarmandchilikni sanoat darajasiga olib chiqish maqsadida har bir ustaga tuman hududidagi boʻsh turgan binolar “nol” qiymatida foydalanish uchun berildi. Ularga xorijdan qaytgan, kam taʼminlangan, kasb-hunarga ega boʻlmagan yoshlar biriktirilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish koʻlami yanada ortdi.

Ayni paytda tumanda 20 ta soʻrichilik ustaxonasi mavjud. Ularda 200 nafar yoshlar samarali mehnat qilishmoqda. Har bir ustaxonada bir kunda oʻrtacha oʻnta soʻri tayyorlanyapti. Daromad ham chakki emas. Bir kunda 15 million soʻm daromad oladigan ustalar ham bor.

— Hunarim bilan faxrlanaman, — deydi tadbirkor Xayrullo Muhammadaliyev. — Boisi, respublikamizning qaysi viloyatiga bormang, bizning mahsulotga koʻzingiz tushadi. Daromad ham shunga yarasha boʻlmoqda. Mavsumda bir kunda 50 mln. soʻm foyda topgan paytlarimiz ham boʻlgan. Kimning mahsuloti sifatli, betakror boʻlsa, daromadi ham yaxshi boʻlaveradi.

Mahallada salkam besh ming nafar aholi istiqomat qiladi. Har bir oilada hunarmandchilikning qaysidir turiga asos solingan. Yil boshida 61 nafar fuqaro ijtimoiy reyestrdagi ishsizlar roʻyxatiga qayd etilgan edi. Ayni paytda 85 foizi soʻri ishlab chiqarish ustaxonalariga biriktirildi. Ular tez orada oʻzlashtirgan hunarlari ortidan tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер