Bir korxonaning ikki rahbari taqdirlandi

15:38 22 Avgust 2023 Jamiyat
633 0

Foto: «Халқ сўзи»

Namangan viloyati iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Davlatobod tumanidagi “Iftixor kiyim-sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatida bugungi kunda 750 nafar mahalliy xotin-qiz bandligi taʼminlangan.

Tadbirkorlar kuni bayrami arafasida turdosh korxonalar orasida eksport hajmi jihatidan ham oldinda borayotgan jamoa hayotida quvonchli voqea yuz berdi, tadbirkorlik subyekti taʼsischisi Adhamjon Iminjonov davlatimizning yuksak mukofoti muvofiq “Mehnat shuhrati” ordeni, MCHJ direktori Anna Dobrix esa “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Yuksak eʼtirof negizida viloyat tekstil sanoatida birinchilardan boʻlib istiqbolli biznesini yoʻlga qoʻygan tashabbuskor tadbirkorning izlanuvchanligi va mashaqqati mehnati turibdi. Uning 2008-yilda faoliyatini yoʻlga qoʻygan korxonasida ishlab chiqarish hajmi muntazam ortib borayotir. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 39 milliard soʻmlik yuqori sifatli kiyim-kechak tayyorlanib, 3 million yevro miqdorida eksport amalga oshirildi.

Ayni paytda Toʻraqoʻrgʻon tumanida navbatdagi yirik loyiha roʻyobga chiqarilayotir. Uning umumiy qiymati 200 million yevroga teng boʻlib, kalava-ip, toʻqish, boʻyash, tikuv ishlab chiqarishiga asoslangan majmua barpo etiladi. 17 gektar maydondagi qurilish yakunlangach, 100 million yevroga teng quvvatlar ishga tushirilib, 3000 kishiga doimiy ish oʻrni ochiladi.

Kecha Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov korxonaga borib, ikkala tadbirkorni samimiy muborakbod etdi.

— Bir vaqtning oʻzida bir korxonadan ikki rahbarning Prezident tomonidan eʼtirof etilishi — yuksak natija. Bu, butun namanganlik tadbirkorlar, tekstilchilar mehnatiga berilgan katta bahodir, — dedi viloyat hokimi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?