Bir yigit umrini obod etardi...
Har bir oila – qoʻrgʻon. Bu qoʻrgʻon ichida nima boʻlayotgani oʻzigagina ayon. “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan...” deya bolaligidan ertaklar oʻqib ulgʻaygan, onasi ertak qahramonlariga havas qilib ismini qoʻygan quyichirchiqlik Malika Azimova (sharifi oʻzgartirildi) ham hayotini bu qadar chigallashib ketishini xayoliga keltirmagan. Shunday oqkoʻngil, mehribon, uqimishli ayolni sud zaliga yetaklagan nima edi?
Malika kelin boʻlib tushganda boshida hammasi yaxshi, toki ikki nafar farzandli boʻlguncha ahil-inoq yashab kelgan. Turmush oʻrtogʻidan ajralgach, qaynotasining ham unga nisbatan munosabati oʻzgaradi. Birgalikda yashab kelayotgan xonadon oʻrtasida toʻsiq qoʻyiladi. Shundan keyin bir hovlida yashab turib bolalar oʻz bobosidan uzoqlashadi. Turmushning zarbalariga chidolmay turmush oʻrtogʻidan ajralgan Malika esa hovlining bir burchagida yolgʻiz yashay boshlaydi. Shuncha paytdan beri murosasiz janjallar ichida yashab kelayotgan norasidalarning taqdiri na sanamay sakkiz deydigan qavmu qarindoshlar, na mahalla-kuy, na qoʻni qoʻshnilarni tashvishga soladi.
Malika oʻzi yashab turgan xonadonni oʻz nomiga oʻtkazishga kirishadi. Qaynotasi esa bunga aslo rozi boʻlmasdan unga doim qarshilik koʻrsatadi. Malikaning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, barcha muammoni qonuniy yoʻl bilan hal qilsa boʻlardi, ammo nafsi bunga yoʻl qoʻymadi. Qaynota va kelin oʻrtasida nizo shu darajaga yetdiki, Malika otasi tengi qaynotasini u tomonga oʻtgani uchun ketmon bilan yelkasiga tushiradi.
Toshkent shahar Bektemir tumani sudi tomonidan bu qilmishi uchun Malika Azimovaga uch yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Endi uning oʻndan oltiga qadar uydan chiqish erkinligi cheklandi. Afsus, ikki guldek norasidaning onasi, hayotini yuksak orzu-maqsadlar bilan endigina boshlayotgan ayol oʻylamay bosilgan bir qadamining jabrini uch yil tortadi. Sud qarori bilan tanishish asnosida haqli savollar tugʻildi: xoʻp, Malika qilmishiga yarasha jazo oldi, lekin hozir ham u oʻsha xonadonda yashayaptimi? Jazosini oʻtagandan keyin yana kelishmovchiliklar boʻlmasligi uchun bu oilani mahalla nazoratga olganmikan? Bolalar kelajagi nima boʻladi? Atrofdagilarning Malikaga munosabati-chi? Dastavval soʻzimizni bejiz ertaklardan boshlamadik, Malikaga oʻxshab hayotda oyogʻi toyganlar albatta, bundan toʻgʻri xulosa chiqarishi kerak. Balki Malika ham sabr-qanoatli boʻlib, turmushning qiyinchiliklariga bardosh berganda oʻsha xonadonning chinakam malikasiga aylanardi. Hayotimiz ham bamisoli ertak. Afsuski, bu ertakning malikalari faqatgina yaxshi niyat bilangina murodiga yetadi, aks holda, malika boʻla turib Malikadek hayotdan pand yeyishi hechgapmas. Atoqli shoir A.Oripovning ushbu toʻrtligidan ortib nima ham derdik:
Shunchalar goʻzalsan, goʻzalsan sanam,
Taʼrifing bitmoqqa ojizdir qalam.
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram.
Nurhayot OʻTANIYOZOVA,
OʻZJOKU talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring