Bilimli oʻquvchilar munosib ragʻbatlantirildi

11:43 09 Oktyabr 2024 Jamiyat
152 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon shahridagi 43-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Dilobar Abduvahobova 8,5 ballik IELTS sertifikatini qoʻlga kiritdi. Bu Andijon farzandlari ichida hozirgacha kuzatilgan eng yaxshi natija hisoblanadi.

Andijon shahridagi 4-umumtaʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi Muhammadsaid Tursunov aynan shu til fanidan 7.0 ballik IELTS sertifikatiga ega boʻldi. Bu bilan u dunyoning 140 dan ortiq davlatida grant asosida oʻqish va Oʻzbekistondagi ingliz tili magistraturalariga kirish uchun belgilangan natijaga erishdi.

Viloyat hokimligida har ikkala bilimdon oʻquvchini munosib ragʻbatlantirishga doir tadbir boʻlib oʻtdi. Unda oʻquvchilarning ustozlari va ota-onalari ishtirok etdi.

– Andijondan buyuk ajdodlarimizning ilm-maʼrifat yoʻlini qayta qurayotgan oʻgʻil-qizlar yetishib chiqayotganidan xursandman, – deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Eng avvalo, farzandlarining taʼlimiga eʼtiborli boʻlgan ota-onalarga minnatdorchilik bildiraman. Shu bilan birga, oʻquvchilarimizning jonkuyar ustoz va murabbiylariga mehnatlari uchun rahmat aytaman.

Tadbirda har ikkala oʻquvchiga viloyat hokimligi nomidan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?