Bilimi zoʻr mingni yiqar...
Qaysi mamlakatda komil insonlar qadrlansa, ularga oʻz iqtidorini namoyon qilish uchun sharoit yaratilsa, shu davlat rivojlanadi. Oʻzbekistonning ham ertangi kundan umidi katta! Buni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi misolida koʻrish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan ushbu akademiyaning asosiy vazifasi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular orasidan boʻlajak ziyolilar, olimlarni shakllantirish, iqtidorini yuzaga chiqarishdan iborat. Unga innovatsion loyihalari va gʻoyalariga ega iqtidorli yoshlar, talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Andijon viloyatida akademiyaga qabul qilish maqsadida 10 ga yaqin saralash tanlovlari oʻtkazildi. Unda ilmiy-innovatsion faoliyatini yoʻlga qoʻygan, ixtirochilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor, yetakchi, yangilikka intiluvchan, kreativ fikrlaydigan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes-inkubator va akselerator dasturining 1000 nafarga yaqin bitiruvchisi, yosh tadbirkor, tadqiqotchi va innovatorlar ishtirok etdi. Shundan 400 nafari aʼzolikka qabul qilindi. Ular nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz miqyosidagi mavjud muammolarning innovatsion yechimiga qaratilgan loyihalar ishlab chiqish, yurtimiz ilm-fan sohasi rivojiga oʻz ixtirosi bilan hissa qoʻshish uchun tinimsiz izlanmoqda.
Andijon davlat qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti magistri Murodil Ismoilovning aholi, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, kitob oʻqish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan “KITABB” startap loyihasini amalga oshirish uchun Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 798 million 120 ming soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi. U “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika koʻrik-tanlovi, “Boʻlajak olim” innovatsion loyihalar, “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalar , “Ideation — 2030” ilmiy-innovatsion loyihalar va boshqa qator tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Andijon davlat tibbiyot instituti yosh olimi Islom Bektashevning “Aqlli tibbiyot”, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti magistri Arabboy Azimovning “MicroGes”, Namangan muhandislik va texnologiyalar instituti talabasi Gulshoda Ahmadjonovaning “Takomillashtirilgan Toshtutgich qurilmasi”, Oʻzbekiston milliy universiteti magistri Shukrullo Foziljonovning “Labs Online” loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy taʼlim muassasalari hamda tanlov tashkilotchilari tomonidan 820 million soʻmdan ziyod miqdorida moliyalashtirildi. Bundan tashqari, yana oʻnlab andijonlik iqtidorli yoshlarning yuqoridagi kabi loyiha va startaplari moliyalashtirilgan boʻlib, ular qator muammolarni bartaraf etish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Andijonlik Yoshlar akademiyasi aʼzosi boʻlgan iqtidorli yoshlar oʻtkazilayotgan turli tanlovlarda ham faol ishtirok etmoqda, gʻoliblar qatoridan joy olmoqda. Jumladan, 2022 — 2024-yillarda “Mirzo Ulugʻbek vorislari” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida Andijon viloyatidan 60 nafar iqtidorli yoshlar oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi. Ularning 20 nafari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Yoshlar akademiyasi tomonidan yoshlarning ilmiy gʻoyalari va startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazib kelinayotgan “Boʻlajak olim” tanlovining joriy yilgi saralash tanloviga 50 nafarga yaqin andijonlik Yoshlar akademiyasi aʼzolari oʻz loyihalarini topshirdi. Taqdim etilgan loyihalarning aksariyati tanlovning 1-ekspertiza bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Toʻgʻri, bugun aksariyat iqtidorli yoshlarning loyihalari, gʻoyalari dastlabki bosqichda oʻz ifodasini topmoqda, xolos. Biroq, izlanish, harakat va samara tufayli ularni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan boʻlib, bu borada respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarga qoʻshqanot vazifasini oʻtashi, shubhasiz.
Gulsevar XOʻJAMOVA,
Yoshlar akademiyasining Andijon viloyatidagi
lideri va koordinatori
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring