Beminnat koʻmakdan xonadonlar ham, koʻngillar ham ilidi

12:55 06 Dekabr 2022 Jamiyat
295 0

Foto: Xalq so‘zi

Hammayoqni qor qoplab, qish oʻz ziynatini koʻz-koʻz qilayotgan bir pallada Andijon shahrining “Dalvarzin” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Tojiniso Kamolovaning koʻngliga xavotir oraladi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlar kuzatilayotgan bir chogʻda sovuq kunlardan qanday oʻtib olish tashvishi xayolini faromush qildi. Axir issiq jonga issiqlik kerak, bolalarga osh-ovqat deganday, qoʻlida chaqalogʻi ham bor. Buyogʻini soʻrashsa, turmush oʻrtogʻining topgani roʻzgʻorga yetmagani bois kam taʼminlanganlar roʻyxatida turadi.

Ana shunday ogʻir oʻylarda beshik tebratib oʻtirgan ayolning xayolini darvozaning taqillagan ovozi buzdi.

— Viloyat hokimligi nomidan oilangizga yarim tonna koʻmir olib keldik, — deyishdi kelganlar.

Bu xabardan ayolning boshi koʻkka yetdi. Koʻngli yorishib ketdi.

Darhaqiqat, qishning ilk kunlaridayoq mavsum tashvishi har birimizni sarosimaga solib qoʻygani rost. Ana shunday damlarda Andijon viloyati hokimligi kam taʼminlangan oilalar orasidan 1 ming 98 ta eng ehtiyojmandlarini saralab oldi. Ularning har biriga yarim tonnadan koʻmir ajratildi.

— Andijon shahrida salkam yarim million aholi istiqomat qiladi,-deydi viloyat markazidagi “Sogʻlom turmush” MFY raisi Sherali Mannonov. — Afsuski, ularning 183 nafari eng ehtiyojmandlar toifasiga mansub. Shulardan 4 nafari bizning mahallada istiqomat qiladi. Viloyat hokimligi tomonidan ularga bepul koʻmir ajratilganini eshitib, saxovatpesha haydovchilar beminnat xizmatga shoshildilar. Shunday qilib, viloyatdagi 1 ming 98 ta oilaga tezlik bilan sifatli yonilgʻi eltib berildi.

Aytish joiz, ehtiyojmand oilalarga koʻmir bilan bir qatorda 9 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ham yetkazildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер