Barselonada Oʻzbekiston Savdo uyi ochildi
23-25-may kunlari Oʻzbekistonning Madrid shahridagi elchixonasi “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning yetakchi toʻqimachilik korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Barselona shahriga tashrif buyurdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalari ishlab chiqargan mahsulotlar eksportini kengaytirish hamda ularning jahon brendlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarini oʻrnatishdan iborat.
Tashrif chogʻida mahalliy korxonalarimiz shu kunlarda Barselona shahrida boʻlib oʻtgan “Barcelona Textile Expo 2023» xalqaro koʻrgazmasida oʻz stendlari bilan ishtirok etishdi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, “Barcelona Textile Expo” Yevropa mintaqasida eng yirik koʻrgazmalardan biri boʻlib, 2023-yilda unda jami 11 davlatdan, xususan Ispaniya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Koreya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Pokiston, Misr va Oʻzbekistondan 170 ga yaqin ishtirokchi va 10 mingdan ortiq soha mutaxassislari qatnashdi.
Koʻrgazma ishtirokchilari va toʻqimachilik mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalariga buyurtmalar berishga katta qiziqish bildirdi. Olib borilgan muzokaralar natijasida qator xorij kompaniyalari vakillari bilan eksport shartnomalarini tuzish boʻyicha dastlabki kelishuvlariga erishildi.
Shu bilan birga, tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Barselona shahri Savdo-sanoat palatasi, Ispaniyaning “ACIR” kompaniyasi va “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi bilan hamkorlikda Barselona shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston savdo uyi ochilish marosimida ishtirok etishdi. Gibrid shaklda oʻtkazilgan tadbirda “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Barselona savdo-sanoat palatasi xalqarolashtirish boʻyicha direktori M.Oriols, “ACIR” kompaniyasi prezidenti E.Gulyan, Oʻzbekistonning Barselona va Valensiya shaharlaridagi faxriy konsullari P.Visens va X.Chikilyo hamda ikki mamlakat tadbirkorlari qatnashdi.
Tomonlar mazkur tashabbusni yuqori baholab, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida jadal rivojlanayotgan savdo va iqtisodiy salohiyatga ega davlat sifatida eʼtirof etishdi.
Nafaqat Ispaniya va Yevropa Ittifoqi bozori, balki Ispaniyaning Lotin Amerikasi davlatlari bilan kuchli tarixiy savdo aloqalari sababli ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikka katta qiziqish bildirildi. M.Oriols Oʻzbekiston uchun Ispaniya Yevropada ishonchli hamkor boʻlib qolishini va Ispaniya uchun Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida asosiy davlat sifatida qaralayotganini alohida urgʻuladi.
Oʻzbekiston Savdo uyi Barselona shahrida oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari savdosini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiluvchi maydon sifatida faoliyat yuritib, mahalliy mahsulotlarimizni yetkazib berish, saqlash va tarqatish uchun 370 mingdan ortiq aʼzolariga ega boʻlgan Barselona Savdo-sanoat palatasi salohiyatidan unumli foydalanish koʻzda tutilgan. Ikki davlat tadbirkorlari ushbu yaratilayotgan platformani yuqori baholab, hozirgi kunda sifatli va jozibador narxlarga ega boʻlgan oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarini Barselona orqali butun Ispaniya bozoriga kirib kelishiga keng imkoniyatlar ochib berishini taʼkidlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bollivud yulduzi Mumbaydagi uyida pichoqlab ketildi
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- HAMAS va Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi
- Bir xum tilla topib olindi. Ushbu xazinada Gʻarbiy Rim imperiyasi imperatorining suratlari tushirilgan 141 dona oltin tanga bor
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring